Dubay shahrida 2–13-dekabr kunlari boʻlib oʻtgan IBA erkaklar oʻrtasidagi jahon chempionatining 60 kg vazn toifasidagi final jangi yuzasidan oʻtkazilgan qoʻshimcha oʻrganishlar natijasida bahs yakuni oʻzgarishsiz qoldirildi.
Maʼlum qilinishicha, bahsli holat jangning uchinchi raundi oxirida, taxminan 50 soniya qolganda sodir boʻlgan. Yaqin masofadagi klinch paytida Rossiya terma jamoasi aʼzosi Vsevolod Shumkovning ogʻzi Oʻzbekiston vakili Abdumalik Xolokovning qulogʻiga tegib ketgan.
Mutaxassislar xulosasiga koʻra, mazkur holat tasodifiy boʻlgan va jang jarayoniga taʼsir koʻrsatmagan. Referi vaziyatni toʻliq nazorat qilgan va uni toʻxtatish uchun asos koʻrmagan. Videoyozuvlar tahlili ham jang oʻz maromida davom etganini, Xolokovda noqulaylik yoki eʼtiroz kuzatilmaganini tasdiqladi.
Qayd etilishicha, IBA qoidalariga muvofiq, bunday kontaktga yoʻl qoʻyilmaydi. Biroq har bir holat uning ogʻirligi, qasddan qilingan-qilinmagani hamda jangga taʼsiri nuqtayi nazaridan joyida baholanadi. Ushbu holat boʻyicha musobaqa yakunlanguniga qadar Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan rasmiy apellyatsiya kiritilmagan.
Shu sababli, musobaqa natijalarini oʻzgartirish yoki medallar taqsimotini qayta koʻrib chiqish uchun huquqiy asos mavjud emas. Ayni paytda, shaffoflikni taʼminlash maqsadida mazkur holat Boks boʻyicha mustaqil insof va halollik boʻlimi (BIIU) tomonidan oʻrganib chiqiladi. Agar qoidabuzarlik aniqlansa, sportchiga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllanilishi mumkin.
IBA bosh kotibi va bosh direktori Kris Roberts OBE taʼkidlashicha, musobaqalarda xolislik va sport etikasi ustuvor boʻlib, har qanday holatda sportchilar manfaatlari birinchi oʻrinda turadi.