«Xalq banki»: Aholi farovonligi va tadbirkorlik rivoji yo'lida

    2021 yilning o'tgan davrida Xalq banki tomonidan 145 mingdan ortiq tadbirkorlik sub'ektlariga 7,1 trillion so'mlik kredit ajratildi.

    AOKAda AT «Xalq banki» boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Zafar Azimov, rais o'rinbosarlari Tohir Rahmonov va Dilshod Qutliev ishtirokida o'tkazilgan matbuot anjumanida mavzu yuzasidan ma'lumot berildi:

    Xalq bankining bugungi kunda 196 ta tuman (shahar) filiallari va ular tassarufidagi 106 ta “Bank xizmatlari markaz”lari, 649 ta bank kassalari, 1 443 ta sayyor kassalari, 430 ta “24/7-elektron ofis”lari, 298 ta xalqaro pul o'tkazmalari hamda 261 ta valyuta ayirboshlash shoxobchalari mamlakatimiz aholisiga xizmat ko'rsatmoqda.

    Mijozlarga xizmat ko'rsatish sifatini yaxshilash maqsadida Xalq bankining viloyat filiallari tasarrufidagi 400 ta shtat birliklari “mijozbay” ishlash uchun tuman filiallariga o'tkazildi. SHuningdek, har bir filialga muammoli kreditlar bilan ishlash uchun 4 tadan shtat birligi ajratilib, ularning 1 nafariga malakali yuristlar ishga jalb etilmoqda.

    Xalq banki ijtimoiy sohaga taalluqli vazifalarni ham tizimli amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, Xalq banki tomonidan 5 million nafarga yaqin (15 foiz) fuqarolarga har oyda 4 trilion so'mlik 12 turdagi pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to'lovlar amalga oshirilmoqda. Mazkur to'lovlarning 1,4 trillion so'mi (yoki 35 foizi) bank kartalari orqali va 2,6 trillion so'mlik (yoki 65 foizi) qismi aholiga naqd pulda to'lab berilmoqda.

    Shuningdek, xotin-qizlarni moliyaviy qo'llab-quvvatlash orqali tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida “Ayollar daftari”ga kiritilgan va tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 97 ming nafarga yaqin xotin-qizlarga 1,2 trillion so'mlik kreditlar ajratildi. SHu bilan birga “oilaviy tadbirkorlik”ni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida 142 mingdan ortiq fuqarolarga 3,1 trillion so'mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

    2021- yilning o'tgan davrida Xalq banki tomonidan jami 145 mingdan ortiq tadbirkorlik sub'ektlariga qishloq xo'jaligi, sanoat, xizmat ko'rsatish, chorvachilik, aylanma mablag'lar, oziq-ovqat va davlat dasturlari yo'nalishlarida jami 7,1 trillion so'mlik kredit mablag'lari ajratildi.

    Bank moliyaviy hisobotlarini xalqaro standartlarga mosligini va ma'lumotlarning shaffofligini ta'minlash maqsadida auditorlik kompaniyalari o'rtasida xalqaro tanlov e'lon qilindi, tanlov natijalariga ko'ra, kuchli to'rtlikka (“Big four”ga) kiruvchi “Ernst & Young” auditorlik kompaniyasi (Buyuk Britaniya) g'olib bo'ldi.