Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi jamiyatda kechayotgan jarayonlarga ijobiy taʼsir koʻrsatib, islohotlar samaradorligini oshiradi. Aholi manfaatlarini taʼminlashga xizmat qiladi, yangidan-yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu nuqtayi nazardan, bugun “elektron hukumat” degan tushuncha kundalik turmushimizdan chuqur oʻrin egallamoqda. Yurtdoshlarimizning hammasi ham bu haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlmasa-da, vaqt oʻtishi bilan ushbu tizim jamiyat hayotining barcha jabhasini qamrab olishini dunyo tajribasi koʻrsatyapti.
2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida elektron hukumat tizimini yana-da rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, eksport-import operatsiyalari boʻyicha ruxsat beruvchi hujjatlarni birxillashtirish davom ettirilmoqda. Davlat organlari xodimlari va aholining internetdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish hamda kompyuter savodxonligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Azaldan davlatning boshqa davlatlar bilan yoki fuqarolar va davlat oʻrtasida axborot, maʼlumot almashish, bir-biri bilan oʻzaro ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy munosabatlarga kirishish muayyan tartib-qoidalar asosida amalga oshirilgan. Yillar davomida bu tizim takomillashib, rivojlana borgan. Zamon taraqqiyoti va yangi texnologik imkoniyatlar paydo boʻlishi bu tizimning ham koʻrinishi va faoliyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ayniqsa, axborot texnologiyalari rivoji, internet tarmogʻidan foydalanishning global kengayishi raqamli texnologiyalarni qoʻllashni kengaytirmoqda.
Davlat boshqaruvi va hokimiyat tizimida ham axborot texnologiyalarini qoʻllash zarurati uning imkoniyatlaridan hukumat darajasida foydalanishni taqozo etmoqda. Mavjud imkoniyatlardan foydalanish bilan birga bu borada aniq tartib-qoidalarni belgilab olish hamda unga amal qilish koʻzlangan maqsadlarga erishishning samaradorligini oshiradi.
Elektron hukumat tizimi davlatning xalq bilan oʻzaro bogʻliqligini ham nazarda tutadi. Fuqarolar yangi tizim orqali hukumatga murojaatlarini axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanib taqdim qilishi mumkin.
Umuman olganda, elektron hukumat aholiga, tadbirkorlarga va davlat organlariga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarini taqdim qilishni qulaylashtiradi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi, ularning texnologik yangiliklardan xabardorligini oshiradi va davlat boshqaruvidagi ishtirokini osonlashtiradi. Uning yakuniy maqsadi interaktiv xizmatlarini taqdim etishning imkoniyatlarini yana-da yaxshilaydigan mukammal elektron davlat boshqaruv apparatini yaratishdan iborat.
Bu orqali hujjatlar va maʼlumotlar almashinuvi tezlashishiga, ularni nazorat qilib turish imkoniyati paydo boʻlishiga, ortiqcha xarajatlar hamda ovoragarchiliklar kelib chiqishining oldini olishga erishiladi.
Mamlakatimizda elektron hukumat tizimi muayyan bosqichlarda joriy qilindi. 2013-yilning 1-iyulida respublikamizda elektron hukumat tizimining eng muhim vositalaridan biri boʻlgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishga tushirildi. Yagona portalning shiori “Xizmatlar yangi qiyofada” deb nomlanib, uning maʼnosi real vaqt rejimida foydalanuvchilar uchun interaktiv davlat xizmatlarini yagona nuqta orqali taqdim etishni anglatadi.
Hozir foydalanuvchilar yagona portal orqali bir qator xizmatlardan masofadan turib foydalanishi mumkin. Bugungi kunda portal orqali foydalanuvchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlarning soni yana-da ortib bormoqda.
Soʻnggi yillarda elektron hukumat tizimini yana-da rivojlantirish va davlat organlari hamda tashkilotlarning oʻz faoliyati boʻyicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berish tartibi joriy qilinmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslarining yagona reyestrini yuritish, yagona identifikatorlar, maʼlumotnomalar va tasniflagichlar roʻyxatlarini shakllantirish, maʼlumotlarni boshqarish axborot tizimini joriy qilish orqali elektron hukumat tizimini yana-da rivojlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining oʻz faoliyati boʻyicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyuldagi “Elektron hukumat tizimini yana-da rivojlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining oʻz faoliyati boʻyicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat boshqaruvi organlari, ularning hududiy boʻlinmalari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan oʻz faoliyati boʻyicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berish tartibi joriy etildi. Bu ham, oʻz navbatida, xalq bilan muloqotning zamonaviy va samarali mexanizmi boʻlib hisoblanadi.
Davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilish va axborot olish fuqarolarning eng asosiy konstitutsion huquqlaridan boʻlib, ular inson manfaatlarini taʼminlash va himoya qilishning muhim omillaridan sanaladi. Milliy qonunchilik bilan buning mustahkamlab qoʻyilgani ham alohida eʼtirofga sazovor. Bu yoʻnalishdagi ishlar va ularning ijrosi boʻyicha nazorat izchillik bilan davom ettirib borilmoqda.
X.ISMOILOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Davlat bojxona qoʻmitasining
Bojxona instituti katta oʻqituvchisi