Xalq taʼlimi vaziri IT orqali mustaqil daromad topayotgan oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi

    Keyingi avlod 15 Aprel 2021 1479

    Prezidentimiz qarori asosida Samarqand shahrida yangi tashkil qilingan Informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 9-tayanch maktabida sinov imtihonlari asosida oʻqishga qabul qilingan 60 nafar oʻquvchi IT sohasi boʻyicha bilim olishmoqda.

    Ularning ushbu yoʻnalishda mukammal bilim olishlari, iqtidorini rivojlantirish hamda mustaqil izlanishlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng imkoniyatlar yaratilgan.

    Shu kunlarda Samarqandda boʻlib turgan Xalq taʼlimi vaziri ushbu maktab faoliyati, informatika, rabototexnika, dasturlash va boshqa yoʻnalishlarda taʼlim berish boʻyicha erishilayotgan natijalar, oʻquvchilarning ilgʻor loyihalari bilan yaqindan tanishdi.

    Vazir ushbu maktabning 9-sinf oʻquvchisi, oʻz frilanserlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, oyiga 200-300 AQSH dollari miqdorida mustaqil mablagʻ topayotgan Daler Shahmardanovning erishayotgan yutuqlarini alohida eʼtirof etdi. Mana shunday iqtidorli yoshlarning safi kengayishini va ularni doim qoʻllab-quvvatlashini alohida taʼkidlab, Dalerga noutbuk sovgʻa qildi.

    Sherzod Shermatov ushbu maktabning sobiq bitiruvchisi Baxtiyor Fozilov homiyligi asosida qurib berilayotgan 350 oʻrinli qoʻshimcha bino qurilish ishlari bilan tanishdi. Mana shunday yosh avlodga gʻamxoʻrlik va oʻzi taʼlim olgan muassasaga hurmat sifatida sobiq bitiruvchining tashabbusini alohida eʼtirof etdi.