«Har bir majlisning ham oʻziga yarasha xarajat ekanligini kuyinib gapirganlarini ushbu qisqa video tasvirda koʻrishimiz mumkin. Lekin, bu topshiriqni oxirigacha tushunmay, hali ham baʼzi rahbarlar qancha koʻp majlis oʻtkazib, topshiriq bersa, shuncha yaxshi ishlayotgan boʻladi degan notoʻgʻri tushunchaga ega boʻlib qolayotgani achinarli hol. Ayniqsa, kechroq yoki dam olish kuni majlis oʻtkazsa, juda fidoiy ishlayotgandek boʻlsa kerak.

Prezidentimizning bu topshiriqlarini barcha boʻgʻin rahbarlari ijrosini toʻgʻri taʼminlashsa, koʻzlangan maqsadga erishish tezroq boʻlardi. Hammaning asosiy faoliyati boʻyicha bajarishi kerak boʻlgan vazifalari bor (KPI). Shu sababli, qaysi sohaning birinchi rahbari, oʻrinbosarlari, hududiy boshqarma va boʻlim rahbarlarining vaqtini qancha koʻp majlislar va qogʻozdagi foydasiz topshiriqlar bilan koʻmib tashlansa, shuncha oʻsha soha orqada qolib ketaveradi... Maktablarni ham turli xil tadbirlar va majlislar bilan koʻmib tashlash boʻyicha tashabbuskorlar kundan-kun ortib bormoqda, bu esa maktab jamoasi va oʻquvchilarning ham asosiy ishidan chalgʻitishga sabab boʻlmoqda...

Iqtisodiyot fanida birinchi navbatda resurslarning chegaralangani oʻrgatiladi. Shu jumladan, davlat xizmatidagi inson resurslari ham chegaralangan. Ularning vaqtini samarasiz majlisga yoki qogʻozga koʻmishdan foyda yoʻq. Xoʻjakoʻrsinga kechasi yoki dam olish kuni majlis qilib koʻp ishlagandek koʻrinish emas, aql bilan ishlab, tahlil qilib, tizimli muammolarni yechishga harakat qilinsa, kelgusida kattaroq muammolarni oldini olishga imkoniyat boʻladi», deydi vazir.