Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda jamiyat hayotini ijobiy tomonga oʻzgartira olgan tashabbuslar haqidagi fikrlarni oʻrganish maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan ekspertlik soʻrovi oʻtkazildi. Davlat xizmatlari tizimini rivojlantirish, ularning sifati va samaradorligini bosqichma-bosqich oshirish tashabbusi TOP-10 taligidan oʻrin oldi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki davlat xizmatlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar fuqarolarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilibgina qolmasdan, jamiyatda mavjud boʻlgan bir qator illat va nuqsonlarni, turli chigalliklar, tushunmovchiliklar, sansalorliklarni bartaraf qilishda ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Shu maʼnoda aytganda, davlat xizmatlari markazlari tashkil etilguniga qadar boʻlgan davrni koʻpchilik yaxshi eslaydi. Yaʼni, biror-bir idoradan oddiygina maʼlumotnoma olish uchun ham baʼzan kun boʻyi kutishga toʻgʻri kelardi. Barchasi birinchi navbatda inson omiliga bogʻliq boʻlgani uchun avval maʼlumotnomani yozib beradigan, keyin esa unga imzo va muhr qoʻyib tasdiqlaydigan kishilarning vaqti bilan hisoblashishga majbur edik. Fuqarolar litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish uchun oylab, baʼzida yillab kutishga, hali u hali bu idoraning eshigida sargʻayishga majbur boʻlishgan. Ana shunday sansolarliklardan bezgan kishilarning baʼzi muammolari yillar davomida hal boʻlmasdan qolavergan, chigalliklardan charchagan ayrim tadbirkorlarning istiqbolli biznes loyihalari “tugʻilmasidan turib boʻgʻilgan”. Vaqtning choʻzilaverishidan, “onangga bor, otangga bor” qabilida ish yuritishdan tamagirlik va rozi qilib, ishni yeng ichida bitirish kabi illatlar uchrab turardi.
Bu kabi illatlarning, byurokratiyaning oldini olish, fuqarolarning davlat organlariga ishonchini mustahkamlash maqsadida davlat xizmatlari tizimini rivojlantirish, ularning sifati va samaradorligini bosqichma-bosqich oshirish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur tashabbus tufayli Davlat xizmatlari markazlari fuqarolar tezkorlik, qulaylik va sifat tamoyillariga asoslangan eng zarur davlat xizmatlarini olishi mumkin boʻlgan yagona joyga aylanib ulgurdi. Bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari orqali 170 turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilib kelinmoqda. Ulardan foydalanish uchun endi kimningdir qosh-qovogʻiga qarab ish tutilmaydi.
Masalan, birgina Qashqadaryo viloyatidagi Davlat xizmatlari markazlari orqali joriy yilning yanvar-avgust oylarida 471 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi. Bundan 5-6 yil ilgari bu koʻrsatkichning oʻndan biriga ham erishish amrimahol edi. Davlat xizmatlari koʻrsatish samaradorligini oshirish oʻz-oʻzidan aholining hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish imkonini bermoqda.
Viloyatdagi markazlar tomonidan sayyor davlat xizmatlari koʻrsatishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Dam olish kunlari davlat xizmatlari markazlari xodimlari maxsus texnika bilan jihozlangan transport orqali borish qiyin boʻlgan chekka va togʻli hududda yashovchi aholi uchun sayyor xizmatlarni koʻrsatadi. Shu kungacha maqbul, qulay va shaffof uslublardan foydalangan holda 6 mingga yaqin sayyor xizmatlar koʻrsatildi.
Tuman markazidan uzoqda joylashgan hududlarda hamda aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, davlat xizmatlari markazining 21 ta filiali faoliyati yoʻlga qoʻyildi, ular orqali koʻrsatilgan xizmatlar soni hozirgacha 13 mingdan oshdi.
Xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida viloyatda davlat xizmatlari markazlarining 14 ta innovatsion binolari barpo etildi, Muborak tumanida 1 ta shunday binoning qurilish va taʼmirlash ishlari jadal olib borilmoqda. Foydalanishga topshirilgan markazlar binolari zarur mebel va orgtexnika jihozlari bilan taʼminlangan.
Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish bilan bir vaqtda 30 ta tijorat banklarda onlayn hisobraqamlar ochish imkoniyati yaratildi.
Davlat xizmati uchun toʻlov qilishdagi muammolarni bartaraf etish maqsadida 15 ta markazda pay.davxizmat.uz elektron toʻlov tizimi orqali naqd pul qabul qilish mexanizmi joriy etildi.
Markazlarda sifatli va samarali xizmatni tashkil etish maqsadida xodimlar malakasini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻtgan davr davomida viloyatdagi davlat xizmatlari markazlari, FHDYO organlari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash maqsadida Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi bilan oʻquv dasturi tasdiqlanib, 150 nafarga yaqin xodimlar malakasi oshirilishi taʼminlandi.
Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar markazlar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga, aholining ham vaqtini ham naqdini iqtisod qilishga imkon bermoqda. Hech shubhasiz, xalq manfaatini taʼminlashga qaratilgan bunday islohotlar bugun yangi Oʻzbekistonning yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qiladi. Davlat xizmatlari markazlari esa bunda xalq va davlat idoralari oʻrtasida mustahkam koʻprik vazifasini bajaradi.
Sanjar CHULIYEV,
Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyat
boshqarma boshligʻi oʻrinbosari