Xalqaro anjuman ishtirokchilari buyuk termiziylar ziyoratida boʻldi

    Bugun Imom Termiziy ilmiy merosiga bagʻishlangan xalqaro anjuman ishtirokchilari Surxondaryo vohasidagi Hakim Termiziy va Imom Termiziy maqbaralarini ziyorat qildi.

    Dunyo davlatlaridan kelgan muftiylar, taniqli ulamolar, islomshunos tadqiqotchi va diniy soha vakillari qadamjolarda buyuk muhaddislar haqlariga Qurʼon tilovat qilib, duolar qildilar.

    Shuning bilan birga, eʼtiborli ulamolar butun dunyoda tinchlik-farovonlik boʻlishi, bu yurtdan buyuk ajdodlariga munosib avlodlar yetishib chiqishini soʻrab xayrli duolar qildilar.

    Shuningdek, mehmonlar majmualarni ziyorat qilishar ekan, mahobatli maqbaralar, serfayz hovli, bu yerdagi obodonlashtirish ishlarini koʻrib, Oʻzbekistonda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar va ajdodlarga yuksak ehtiromni koʻrib, yuqori baho berdilar.

    Koʻplab ulamolarga beshik boʻlgan Oʻzbekiston diyori bugun ham Islom dini rivojiga hissa qoʻshib, dunyo hamjamiyatida munosib oʻrin topib borayotganini taʼkidladilar.