Tadbir 26-28-aprel kunlari boʻlib oʻtadigan IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali doirasida oʻtkazilmoqda.
Anjuman xalqimizning milliy oʻzligi va qadimiy madaniyatini ifodalovchi baxshichilik sanʼatini ilmiy-nazariy asosda oʻrganish, uni xalqaro maydonda keng targʻib qilish va yosh avlodga yetkazish maqsadida tashkil etilgan.
Anjumanda Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlardan taniqli folklorshunos olimlar ishtirok etmoqda. Karl Reichel, Fikrat Turkman, Hikmat Guliyev, Ogʻuz Mehmet Ojal, Eunkyung Oh kabi yetakchi mutaxassislar baxshichilik sanʼati tarixi va dolzarb masalalari haqida maʼruza oʻqimoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston oliy taʼlim va ilmiy muassasalari vakillari ham anjumanda faol qatnashmoqda.
Festival va ijodiy dasturlar
Xalqaro anjuman doirasida IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining tantanali ochilish marosimi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Unda oʻzbekistonlik va xorijlik baxshilar, epik ijodkorlar milliy anʼanalarni jonli ijroda namoyon etadi.
Anjuman yakunida baxshichilik sanʼatini rivojlantirish va xalqaro miqyosda targʻib etishga qaratilgan rezolyutsiya qabul qilinadi. Unda:
- Baxshilik merosini chuqur tadqiq etish;
- Hududiy epik maktablarni oʻrganish;
- Yosh baxshilarni qoʻllab-quvvatlash;
- Xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish;
- Milliy qadriyatlarni global maydonda targʻib qilish masalalari belgilab olinadi.
Tadbir doirasida “Baxshi aytimlari” nomli yangi toʻplam taqdimoti oʻtkaziladi, “Yangi Oʻzbekistonda baxshichilik sanʼati” mavzusidagi maqolalar toʻplami nashr qilinadi va ishtirokchilarga topshiriladi.
Bundan tashqari, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida xorijiy ilmiy markazlar va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik shartnomalari imzolanishi koʻzda tutilgan.








