Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Turkiy tilli davlatlarning falsafasi, madaniyati, aloqalari: tarix, bugun va kelajak” mavzusida VI xalqaro simpozium oʻtkazildi.
Simpozium doirasida turkiy xalqlar oʻrtasidagi falsafiy va madaniy aloqalar, umumiy tarixiy ildizlar, zamonaviy axborot makonidagi hamkorlik va taraqqiyot istiqbollari kabi masalalar muhokama etildi.
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan simpoziumda Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti, Turkiya Respublikasining Qirqqalʼa universiteti, Shvetsiyaning Lund universiteti, Malayziyaning Malay universiteti, Qozogʻiston Respublikasining Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti, Muxtor Auezov nomidagi Janubiy-Qozogʻiston davlat universiteti, Qirgʻiziston Respublikasi K.Sh.Toqtamatova nomidagi xalqaro universitetlardan yetakchi olimlar, professor-oʻqituvchilar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, magistr va talabalar ishtirok etishdi.
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining oʻrinbosari Matluba Qahhorova, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Axmadali Asqarov, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, akademik Nurislom Toʻxliyev, Istanbul universiteti ijtimoiy siyosat fanlari doktori Kemal Yavuz Ataman tabrik soʻzlari bilan ochib berdi.
Mazkur ilm muhokamasini oʻtkazishdan maqsad Turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, hamkorligi va xavfsizligi masalalari shuningdek, turdosh fan yoʻnalishlarida Turkiy tilli davlatlar integratsiyasi omillari hamda qonuniyatlarini oʻrganish sohasida toʻplangan tajribani umumlashtirishdan iborat.
Simpozium davomida Turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy jihatlarining nazariy-metodologik masalalariga oid tahlillar oʻrganildi. Turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati tarixi boʻyicha maʼlumotlar almashildi. Turkiy tilli davlatlar integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, madaniy, siyosiy jihatlari masalasi muhokama qilindi.
Tadbirda “Tarixni ezgulik bilan oʻzgartirgan turkiy davlatlar mehr bilan dunyoni ham oʻzgartira oladimi?”, “Islomda boshqaruv sotsiologiyasi: etnografik va ijtimoiy-huquqiy yondashuvlar”, “Turkiy xalqlar davlatchiligi tarixida qabul qilingan ilk Konstitutsiya”, “Turkiy falsafiy tafakkurda inson qadri masalasi”, “Markaziy Osiyo – mantiq ilmi taraqqiyotida Gʻarb va Sharqni bogʻlovchi madaniy koʻprik” kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Asosiy munozaralardan soʻng simpozium ishi panel sessiyalari bilan davom etdi. Simpoziumda soʻzga chiqqanlar tomonidan turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, tarixining yangi qirralari, turkiy tilli davlatlar integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy jihatlariga taʼsir etuvchi omillar, turkiy tilli davlatlarning hamkorlik aloqalarining tarixi va buguni hamda turkiy tilli davlatlar hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, madaniy va siyosiy jihatlarining istiqbollari qayd etildi.
Anjuman doirasida 100 dan ziyod maqola tezislari toʻplandi, ular orasidan eng dolzarb masalalarga bagʻishlangan tezislar saralandi.
Simpozium yakunida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hududida joylashgan tarixiy qadamjolarga sayohat tashkil etildi.













