Shuningdek, ayni vaqtda fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish boʻyicha ham harakatlar boshlangan.
Yaqinda “GRANT THORNTON” xalqaro auditorlik tashkilotida Toshkent moliya instituti “Audit” kafedrasining filiali ochildi.
Kafedra filialini ochishdan maqsad — ishlab chiqarish korxonalarida fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, talabalarning nafaqat nazariy bilim olishi, balki amaliy koʻnikmalarni, xalqaro standartlarga mos zamonaviy auditorlik bilimlarini ham egallashiga koʻmaklashishdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida yoshlarni auditorlik kasbiga jalb etish, xususan, professional jamoat birlashmalarining tegishli oliy taʼlim muassasalari bilan faol hamkorligini taʼminlash vazifasi belgilab berilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda Prezidentimiz raisligida 2021-yil 16-iyunda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ishlab chiqarish korxonalarida fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirish, mutaxassislik kafedralari filiallari faoliyatini tashkil etish vazifalari belgilab berildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, “GRANT THORNTON” xalqaro auditorlik tashkiloti respublikamizda yuqori reytingga ega va xalqaro tarmoqqa aʼzo boʻlgan tashkilotlardan biridir. Ushbu auditorlik tashkilotida talabalarga alohida eʼtibor qaratiladi. Ushbu filial audit sohasida innovatsion ilmiy yutuqlar, ilgʻor xorijiy tajribalarni taʼlim tizimiga joriy etishda muhim hissa qoʻshadi, degan umiddamiz, deyiladi instituti axborot xizmati xabarida.