Qoraqalpoq baxshi-jirovi barchani jozibador ohanglar tarovatidan maʼnaviy zavq olishga chorlaydi. Xalqaro baxshichilik festivali sanʼatga oshufta qalblar uchun unutilmas madaniy hordiq ulashsa, yosh ijodkorlar uchun mahorat maktabi boʻladi.

Bugun Nukus shahrida II xalqaro baxshichilik sanʼati festivali doirasida baxshi, oqin va jirov ijrochilari koʻrik tanlovining Respublika bosqichi boshlandi. Mazkur tanlovning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining oʻrinbosari O.Mirzayev, tanlov hakamlar hayʼati raisi Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti professori Oʻ.Toshmatovlar soʻzga chiqib, mazkur festivalning ahamiyati, yurtimizda baxshichilik va jirovchilik sanʼatini rivojlanishi borasida oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, ishtirokchilarga omad tiladi.

Tanlov ishtirokchilari ertalab qura tashladi. Tanlovda yurtimizda faoliyat olib borayotgan 70 dan ziyod baxshi, jirovlar ishtirok etadi.

Minajatdin Qutlimuratov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.