Mazkur tadbirning aynan Buxoro viloyatida oʻtkazilayotgani voha yoshlariga Mustaqillikning 30 yillik shodiyonasi arafasidagi ajoyib tuhfa desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Respublikamiz va dunyo tarixida ilk bor Buxoro viloyatida tashkil etilayotgan mazkur forumda parlament aʼzolari, nufuzli xalqaro va parlamentlararo tashkilotlar, yoshlar parlamentlari, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat idoralari vakillari ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, Yevropa parlamenti, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Latviya, Bolgariya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Malayziya, Tailand, Turkiya, Eron, Ozarbayjon, Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va boshqa davlatlar hamda xalqaro tashkilotlardan spikerlar ishtirok etadi.
Xususan, mamlakatimizga ilk bor tashrif buyurayotgan Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibining forumda ishtirok etish istagini bildirgani ham tadbirning naqadar yuqori ahamiyat kasb etishini bilish mumkin.
Ushbu nufuzli forum avvalida Buxoro shahridagi Yoshlar markazida yoshlar ishtirokida aksiya tashkil etildi.
Unda ikki kunlik tigʻiz taqvimga ega rasmiy tadbirning ahamiyati, mazmun-mohiyati xususida soʻz bordi. Aksiyada Buxoro viloyati hokimi, Oliy Majlisi Senati aʼzosi Botir Zaripov soʻzga chiqib, viloyat mehmonlari, barcha yigʻilganlarni ana shunday xalqaro ahamiyatga ega forum bilan samimiy tabrikladi.
Oʻtkazilayotgan aksiya vositasida 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim strategik mazmun-mohiyatini yoshlar orasida keng targʻib etish, bu borada olib borilayotgan ishlarda ertamiz egalarining yana-da faol boʻlishlariga ishonch bildirildi.
Jumladan, Buxoro yoshlari ham davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, har sohada faol va tashabbuskor boʻlib, yurtimizning turli jabhalarida kechayotgan islohotlarga oʻz daxldorlik hissi va teran tafakkuri bilan yondashishlari ham qarz, ham farz ekanligi alohida taʼkidlandi.
Bu borada esa oʻz uyi, mahallasi, yurtini obod qilish dardu tashvishida boʻlgan farzandlarimizga oʻz imkoniyat va isteʼdodlarini namoyon etishlari uchun barcha shart-sharoit yaratib berilishi davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanligi eʼtirof etildi.
Forum oldidan tashkil etilgan yoshlar aksiyasida respublika Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Ravshan Alimov va boshqa mutasaddilar ham ishtirok etdilar.
Aksiya davomida yoshlar uchun ajoyib kuy-qoʻshiqlar, savol-javoblar tashkil etildi. Faol yoshlarga oʻzbek va jahon adabiyotining durdona asarlari sovgʻa qilindi.