Uning kun tartibi Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) raisligi bilan bogʻliq vazifalar va boʻlajak yuqori darajadagi tashriflarga tayyorgarlik koʻrish masalalarini qamrab oldi.
Yigʻilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy hokimliklar va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Davlat rahbari tomonidan Oʻzbekistonning SHHTga raisligi bilan bogʻliq barcha tadbirlarga puxta tayyorgarlik koʻrishni boshlash vazifasi qoʻyilganligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida SHHT masalalari boʻyicha maxsus shtab tashkil qilinib, unga vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va boshqa tashkilotlarning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari jalb etiladi.
Masʼul rahbarlarga Oʻzbekistonning SHHTga raisligi doirasida rejalashtirilgan tadbirlarni amaliy mazmun bilan toʻldirish yuzasidan takliflar kiritish topshirildi. Takliflar asosida tegishli “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
2022-yil sentyabr oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan SHHT sammitiga tayyorgarlikning borishi haqidagi hisobotlar tinglandi. Vazirlik va idoralar rahbarlariga mavjud masalalarni hal etish yuzasidan tezkor chora-tadbirlar koʻrish va qilingan ishlar yuzasidan shtabga muntazam ravishda hisobotlar taqdim etib borish topshirildi.
Investitsiyalar, savdo, transport va logistika sohalarida yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda boʻlajak sammit doirasida SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan qoʻshimcha tadbirlarni tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, yigʻilish davomida kutilayotgan oliy darajadagi tashriflarni yuqori saviyada tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Vazifalariga aniq investitsiya loyihalari, savdo shartnomalari, qoʻshma biznes-forumlar va tarmoq koʻrgazmalarini oʻtkazish masalalaridan iborat iqtisodiy kun tartiblarini shakllantirish kiradigan ishchi guruhlarni tashkil etish topshirildi.
Uchrashuv yakunida mutasaddi rahbarlarga hamkor mamlakatlar iqtisodiyotini chuqur tahlil qilish, shuningdek, tegishli ishchi guruhlariga investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha aniq takliflarni taqdim etish vazifasi berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.