Xalqaro konferensiyada Orolboʻyi mintaqasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi

    Yashil sayyora 25 Fevral 2023 1247

    Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri A. Abduxakimov 2023-yil 23-fevral kuni Rim shahrida tashkil etilgan atrof-muhit va suv resurslari boʻyicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajadagi 7-konferensiyasining ochilish tadbirida ishtirok etdi.

    Konferensiyada Atrof-muhit va suv resurslari boʻyicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” platformasi hamda Atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi boʻyicha ishchi guruhning soʻnggi yillardagi faoliyati natijalari taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Platformaning 2023-2025-yillarga moʻljallangan faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari aniqlanib, ushbu yoʻnalishdagi istiqboldagi loyihalar muhokama qilindi.

    A.Abduxakimov oʻz maʼruzasida konferensiya ishtirokchilari eʼtiborini Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq global ekologik muammolarga qaratib, Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan keyingi yillarda ushbu ekologik muammoni bartaraf etish yuzasidan Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolboʻyi mintaqasida keng miqyosda amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

    Taʼkidlanganidek, Orol dengizining qurib qolgan qismida ekotizimni yaxshilash, tadqiqotlar va innovatsiyalarning ilgʻor tajribalarini joriy etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi va BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi tashkil etildi hamda Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.

    Shuningdek, “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida mintaqaviy muloqotni mustahkamlashni davom ettirish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, biologik xilma-xillikni saqlash va boshqa istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni kengaytirishning ahamiyatli ekanligi qayd etildi.

    A.Abduxakimov konferensiya ishtirokchilarini joriy yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan BMT Choʻllanishga qarshi kurashish konvensiyasining bajarilishini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-yigʻilishi hamda BMT Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi konvensiyasining 14-tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14)da ishtirok etishga taklif qildi.

    Aytish joizki, “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajadagi 7-konferensiyasi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi yangi tashabbuslarni Oʻzbekistonda va Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshirishni muhokama qilish uchun samarali platforma boʻlib xizmat qiladi.

    Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati