Tumanda qorakoʻl terisi azaldan mashhur. Bugun Qorakoʻl iqtidorli yoshlari bilan ham tanilib bormoqda. Yurtimizda tumandagi Xalqaro matematika maktabini bilmagan va eshitmagan odam topilmasa kerak.
Maktab hovlisida bizni yoshi ulugʻroq kishi kutib oldi. Oʻzimizni tantishtirgach, toʻgʻri direktorning xonasi tomon yurdik. Maktab direktori Temur Roʻziyev bizni ochiq chehra bilan qarshiladi. Suhbatimiz birpasda qizib ketdi. Ushbu maskan dastlab ixtisoslashgan maktab-internat shaklida tashkil etilgan. 2019-yilda unga Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Xalqaro matematika maktabi maqomi berildi. Oʻtgan davr mobaynida maktab oʻquvchilari xalqaro olimpiadalarda 20 ta oltin, 9 ta kumush va 9 ta bronza medal sohibi boʻldi. Shu bois, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda ushbu maktab faoliyatiga alohida toʻxtalib: “Bugun ushbu maktab bitiruvchilarining 95 foizdan ortigʻi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kiryapti. Xalqaro olimpiadalardan eng koʻp medal olib kelayotganlar ham aynan shu maktabning oʻquvchilari hisoblanadi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan, hattoki poytaxt Toshkentdan ham odamlar oʻz farzandini Qorakoʻlga olib borib, ana shu maktabga oʻqishga berishyapti. Biz bu taʼlim maskani erishayotgan katta yutuqlarni inobatga olib, oʻtgan yili uni Xalqaro matematika maktabiga aylantirdik”, dedi.
Darhaqiqat, Qorakoʻldagi Xalqaro matematika maktabini bugungi kunda mamlakatimizdan tashqarida ham yaxshi bilishadi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Maktab uchun, ayniqsa, 2019-yil omadli keldi. Maktab oʻquvchilari Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro matematika olimpiadasida yakkalik bahsida 1 ta oltin, 2 ta bronza, jamoaviy bahsda esa 4 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi.
Oʻziga xos oʻqitish uslubi
Xalqaro matematika maktabida oʻquvchilar 3 ta – texnika (matematika-fizika), iqtisodiyot (matematika-ingliz tili) hamda tabiiy (kimyo-biologiya) fanlari boʻyicha bilim oladi. Maktabga oʻquvchilar 7-sinfdan qabul qilinadi. Qabul jarayonlari adolat va shaffoflik tamoyillari asosida boʻladi. Talabgor oʻquvchi ikki marotaba imtihon topshiradi. Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchi ikkinchi sinovga hozirlik koʻradi. Har ikki jarayon ham oʻquvchilarning ota-onalari yoki yaqinlari ishtirokida oʻtadi va talabgorlar olgan baho shu kunning oʻzidayoq eʼlon qilinadi. Bu esa, tabiiyki, qobiliyatli, zukko, bilimga chanqoq yoshlarni saralab olishga imkon beradi. Eng muhimi, qabul jarayonida tamagirlik, qarindosh-urugʻchilik hamda taʼlim tizimiga salbiy taʼsir etuvchi boshqa omillarga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻquv mashgʻulotlari aniq jadval asosida olib boriladi. Dars ertalab soat 8:00 da boshlanib, 45 daqiqa davom etadi. Oʻqituvchi ham, oʻquvchilar ham darsga masʼuliyat bilan yondashadi. Tushlikdan soʻng oʻquvchilar mustaqil tayyorgarlik mashgʻulotlarida ustozlari koʻmagida olgan bilimlarini mustahkamlaydilar.
Taʼkidlash joizki, xalqaro maktabda har bir oʻquvchi oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishga tayyorlanish bilan bir qatorda, bosqichma-bosqich xalqaro olimpiadalarga ham tayyorgarlik koʻradi. Eng muhimi, har bir oʻquvchiga individual tarzda yondashiladi va oʻzaro sogʻlom raqobat muhiti asosida bolalarning bilimi, salohiyati oshirib boriladi. Bu esa, oʻz navbatida, maktabda faoliyat yuritayotgan pedagoglardan ham fidoyilik, yuksak bilim, madaniyat talab etadi va shu asosda ularning reytingi shakllantiriladi.
Maktabning oʻziga xos oʻqitish uslubi bor. Hamma oʻquvchi yotoqxonada yashaydi. Oy yakunida oʻquvchilar va ona-onalar yigʻilishini oʻtkazish anʼanaga aylangan. Yigʻilishda oʻquvchilarning fanlarni oʻzlashtirish darajasi, odob-axloqi, yutuq va kamchiliklari jamoa orasida muhokama qilinadi. Deylik, aʼlo baholarga oʻqiyotgan oʻquvchining ota-onasiga tashakkur aytilsa, nisbatan pastroq koʻrsatkich qayd etgan oʻquvchining ota-onasiga jamoaviy tanbeh beriladi. Buning natijasida ham oʻquvchi, ham uning ota-onasida yaxshi koʻrsatkichga erishish uchun intilish va ishtiyoq paydo boʻladi.
Yana bir samarali uslub “muloqot” deb nomlanadi. Bunda oʻquvchilarning bir hafta mobaynida erishgan yutuq va kamchiliklari eʼlon qilib boriladi. Hozir karantin tufayli bunday tadbirlar onlayn tarzda oʻtkazilyapti. Eʼtiborimizni tortgan yana bir jihat “ishonch qutisi” boʻldi. Unga oʻqituvchi va oʻquvchilar oʻquv jarayoni qay tarzda kechayotgani, mavjud muammo va kamchiliklar, ularning yechimlari, shuningdek, taʼlim-tarbiya jarayonini takomillashtirishga oid fikr, taklif va mulohazalarini tashlash imkoniga ega boʻladilar. “Ishonch qutisi”ga tashlangan murojaatlarni maktab direktori har oyda xolisona oʻrganib chiqib, chora-tadbirlar koʻradi.
Anʼanalar davom etadi...
Xalqaro matematika maktabi erishayotgan yutuqlarda, shubhasiz, oʻqituvchi-pedagoglarning alohida oʻrni bor. Eng qizigʻi, 52 nafar oʻqituvchining aksariyati shu maktabning bitiruvchilari. Ular bugun ustoz muallim, ushbu maktabning asoschisi Toʻxtamurod Jumayev boshlab bergan anʼanalarni munosib davom ettirmoqda. Bu insonga xos fidoyilik, tinimsiz izlanish va mehnatsevarlik shogirdlariga ham oʻtgan.
— Oddiy qishloq maktabining xalqaro maqomga ega boʻlib, jahonga tanilishida Toʻxtamurod akaning hissasi va mehnati beqiyos, — deydi “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Temur Roʻziyev. — Yurtga sadoqat bilan xizmat qilishni maqsad bilgan ustoz butun umrini yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga bagʻishladi. Olis tumanda joylashgan maktabni butun mamlakatga tanitdi. Shu bois, Toʻxtamurod akaning bu mehnatlari davlatimizning yana bir yuksak mukofoti — “Buyuk xizmatlari uchun” ordeniga munosib koʻrildi.
Oʻzaro hamkorlik
Maktabfaoliyati bilan yaqindan tanishish asnosida oʻz kasbining jonkuyar muallimlari bilan suhbatlarimiz oʻzaro fikr almashish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish xususida kechdi. Kezi kelganda, shuni ham aytish kerakki, Xalqaro matematika maktabi va Ichki ishlar vazirligi akademiyasi oʻrtasida bir necha yildan buyon ijodiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu taʼlim maskanida bilim olgan bir qancha iqtidorli yoshlar akademiyani muvaffaqiyatli tamomlab, ayni paytda respublikamiz huquqni muhofaza qiluvchi organlari safida samarali xizmat qilmoqda. Xalqaro maktab jamoasi ular bilan doimo faxrlanadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan maktabning yangi binosida qurilish ishlari yakunlanish arafasida turibdi. Maktab hademay nomiga munosib, zamonaviy binoga ega boʻladi. Kelajakda shu yerning oʻzida oliy taʼlim muassasasini tashkil etish va zamonaviy klaster usulida kadrlar tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Maktab oʻquvchilarining xorijiy tillarda bemalol soʻzlay olishlarini koʻrib ham hayratlandik, ham quvondik. Chunki ular bu yerda xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlashtiruvchi IELTS dasturi asosida taʼlim olishmoqda. Suhbatlarimiz asnosida ularning kelajakda yangi Oʻzbekistonning munosib egalari va bunyodkorlari boʻlishlariga ishonchimiz yana-da ortdi.