Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro moliya korporatsiyasi missiyasi Fargʻona viloyatidagi “Global Textile Solutions” paxta-toʻqimachilik klasteri korxonalariga tashrif buyurdi.

Mehmonlar Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik sohasida mehnat sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan “Better Work” dasturi doirasidagi ushbu uchrashuv davomida paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash jarayonlari, ishchi-xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Yaʼni dastlab paxta dalalarida boʻlib, gʻoʻza parvarishi, tomchilatib sugʻorish tizimlarini koʻzdan kechirishdi. Shundan soʻng paxta tozalash zavodi, trikotaj mato toʻqish va boʻyash sexlari, shuningdek, “Global Textile Infinity” toʻqimachilik majmuasini borib koʻrdilar.

Delegatsiya vakillari klasterning innovatsion texnologik yechimlarini yuqori baholashdi. Shuningdek, “Better Work” dasturining zamonaviy yondashuvlari, xususan, xodimlar mehnat sharoitlarini yaxshilash va mehnat huquqlarini taʼminlash tamoyillarini muhokama qilindi.