Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) oʻsimliklar karantini va himoyasini taʼminlashda hamkorlik qiladi

    Agrosektor 20 Aprel 2022 1192

    Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga Xalqaro moliya tashkiloti (IFC) delegatsiyasi tashrif buyurdi.

    Davlatimiz rahbarining 2021-yil 15-iyuldagi “Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorida Agentlikka tuproq agrokimyoviy tahlillarini oʻtkazish va qishloq xoʻjaligiga yetkazib beriladigan barcha turdagi mineral va mikrobiologik oʻgʻitlar sifatini nazorat qilish, tuproq va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tarkibidagi pestitsid, nitrat va ogʻir metall tuzlari qoldiqlarini dala sharoitida radiologik-toksikologik tahlillardan oʻtkazish alohida vazifa etib belgilangan.

    Bugungi kunda Agentlik tomonidan mazkur yoʻnalishda xalqaro tajriba oʻrganilib, xorijlik ekspertlar bilan hamkorlikda ish olib borilyapti.

    Xalqaro moliya tashkiloti (IFC) delegatsiyasining Agentlikka tashrifi chogʻida ham aynan mineral oʻgʻitlarni roʻyxatdan oʻtkazish, sotish va import qilishni litsenziyalash hamda nazorat qilish masalalari muhokama etildi.

    Uchrashuvda Agentlik mutaxassislari tomonidan mineral oʻgʻitlar va kimyoviy vositalarning nazoratini olib borish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, Oʻzbekistonda mineral oʻgʻitlar bilan bogʻliq ruxsat etuvchi tartib-taomillar va nazorat funksiyalari xususida taqdimot oʻtkazildi.

    Muloqot chogʻida xalqaro tashkilot vakillari tizimni rivojlantirishda texnik koʻmak berishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, sohani raqamlashtirish nazoratni amalga oshirishda yaxshi samara berishi taʼkidlandi. Bu borada ham hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati.