Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida, joriy yil 30-aprelda Xalqaro kurash instituti tomonidan, Janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlari kurash federatsiyalarining kurash murabbiylari va hakamlari uchun xalqaro onlayn seminari boʻlib oʻtadi.
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida qadimiy qadriyatlarimizning uzviy bogʻichi, madaniy merosimizning ajralmas bir qismi boʻlgan milliy kurash soʻnggi yillarda yanada rivojlanib, takomillashib boryapti, – deydi Xalqaro kurash instituti rektori Habibullo Tojiyev. – Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori milliy kurashni yanada yuksaltirishda muhim hujjat boʻldi. Prezidentimizning bevosita gʻamxoʻrligi va tashabbusi bilan tashkil etilgan Kurash Xalqaro instituti esa, oʻzbek sporti brendi nomi bilan kurashning jahon arenasidagi rolini oshirish, yoshlarning milliy sportga boʻlgan qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish borasida bir qancha dasturilamal vazifalarni amalga oshirib kelyapti. Shu bilan birga, Kurash Xalqaro instituti milliy kurashni butun dunyoga keng targʻib qilib, ommalashtirib, rivojlantiradi, hamda yetarli bilim va tajribaga ega mutaxassislar, murabbiylar, hakamlar va instruktorlarni yetkazib beradi. Jumladan, kurash boʻyicha malakali mutaxassislarni professional darajada tayyorlash, oʻquv-metodik qoʻllanmalarni ishlab chiqish, aholi hamda ommaviy axborot vositalari orqali milliy kurashimizni keng targʻib qilish borasidagi bir qator vazifa va keng koʻlamli chora-tadbirlarni amalga oshirib keladi. Mazkur seminarni tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad esa, shu yil 12-23-may kunlari Vyetnam poytaxti Xanoyi shahrida, Janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida oʻtkaziladigan, “SEA Games oʻyinlari”da ishtirok etuvchi barcha kurash jamoalarining tayyorgarlik ruhini yanada oshirish, musobaqalarni yuqori saviyada oʻtkazish uchun hakamlar va murabbiylarni professional darajada tayyorlash maqsadida tashkillashtirildi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tomonidan uyushtirilgan seminarda, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Italiya kurash federatsiyasi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston sportni rivojlantirish vazirligi, Xalqaro kurash instituti mutasaddi rahbarlari, XKI masʼul xodimlari, OAV vakillari hamda, ZOOM platformasi orqali, Osiyo mamlakatlari kurash federatsiyalarining 50 dan ziyod murabbiylari va mutaxassislari onlayn ishtirok etadi.
Seminarda Vyetnam, Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand, Xitoy Taypey, Janubiy Koreya va boshqa janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlari kurash federatsiyalarining kurash murabbiylari va mutaxassislari oʻz bilim va tajribalarini yanada oshirdilar.

Darhaqiqat, Xalqaro Kurash Instituti tomonidan muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgan xalqaro seminarlar, oʻquv-amaliy mashgʻulotlar, zamonaviy master-klass dasturlari, tajribali kurash mutaxassislarini tayyorlash va doimiy tarzda malakasini oshirib borish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi. Ertaga poytaxtimizda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari kurash federatsiyalari mutaxassislari uchun oʻtkaziladigan seminar esa olib borilayotgan dasturilamal ishlarning uzviy boʻlagidir. Xalqaro seminar tafsilotlari haqida esa, ertaga batafsil toʻxtalib oʻtamiz.
Gulichehra Durdiyeva,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.