Xalqaro qidiruvga berilgan ayol BAAdan deportatsiya qilindi

    Xavfsizlik 5 Iyun 2025 637

    Interpol Toshkent va Abu-Dabi Milliy markaziy byurolarining hamkorlikdagi saʼy-harakatlari natijasida Interpol kanallari orqali xalqaro miqyosda qidiruv eʼlon qilingan jinoyatchi ayolni deportatsiya qilish masalasi hal etildi.

    Qayd etilishicha, Samarali axborot almashinuvi va qoʻshma tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish natijasida, shuningdek, Interpol xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti tomonidan tashkil etilgan tadbirlardagi ikki tomonlama uchrashuvlarda avvalgi kelishuvlar tufayli, jamoat tartibiga qarshi jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs mamlakatdan chiqarib yuborildi.

    Tezkor tadbirlar natijasida qidiruvdagi M.K.ning iziga tushildi va uning Birlashgan Arab Amirliklari hududida ekanligi tasdiqlandi.

    BAA vakolatli organlarining ijobiy qaroridan soʻng, jinoyatchi ayol Amirliklar migratsiya politsiyasi xodimlari kuzatuvida deportatsiya qilindi va Toshkent xalqaro aeroportida javobgarlikka tortish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Interpol Milliy Markaziy Byurosi xodimlariga topshirildi.