— O'tgan yili Vena shahrida bo'lgan Parlamentlararo Ittifoqqa a'zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari sammitida mazkur formatdagi navbatdagi 14-sammitni O'zbekistonda o'tkazish to'g'risida qaror qilingan edi. Yuqori nufuzga ega bo'lgan ushbu anjumanning MDH hududida ilk bor O'zbekistonda o'tkazilayotgani mamlakatimizda parlamentarizmni rivojlantirish, inson huquq va manfaatlarini ta'minlash hamda jamiyatni demokratlashtirish bo'yicha olib borilayotgan islohotlar va ularning amaliy natijalari jahon hamjamiyati tomonidan qo'llab-quvvatlanayotganiga yana bir yorqin misoldir, — dedi T.Norboyeva.

Toshkent sammitida dunyoda yuzaga kelgan bugungi vaziyatdan kelib chiqib, COVID-19 pandemiyasi va u keltirib chiqargan inqirozlar jarayonida gender tenglikni kafolatlash, barqaror rivojlanish va farovonlikni ta'minlash, iqtisodiyotni tiklashda xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish borasida parlamentlar uchun ustuvor bo'lgan vazifalar hamda aniq sa'y-harakatlar yo'nalishlari belgilab olinadi.

Sammitda BMT, Parlamentlararo Ittifoq, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi, MDH Parlamentlararo Assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, 22 davlatdan 140 dan ortiq parlament vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Senat raisi “Nima uchun mazkur xalqaro sammitga mezbonlik qilish O'zbekistonga berildi?” degan savolga quyidagicha javob bergan:

“Avvalo, yurtimizda jadal olib borilayotgan tub islohotlar, ularning hayotdagi amaliy natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan qiziqish bilan qabul qilinmoqda, qisqa muddatda to'plangan tajribalar o'rganishga munosib, deb topilmoqda. Jumladan, gender tenglikni ta'minlash, jamiyatda xotin-qizlar qadrini, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jabhalardagi faolligini oshirish bo'yicha misli ko'rilmagan ishlar bajarildi.

...Ayniqsa, pandemiya kutilmagan inqirozni keltirib chiqargan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga putur etkazayotgan hamda butun dunyoda kambag'allik, tengsizlik va nochorlikni kuchaytirayotgan bir paytda bunday choralar nihoyatda zarur. Qolaversa, pandemiyadan so'ng jahon iqtisodiyotining tiklanish jarayoni hali-hanuz beqarorligicha qolmoqda, bunga dunyoda ro'y berayotgan turli nizolar, urushlar ham jiddiy to'sqinlik qilmoqda. Prognozlarga ko'ra, kelgusi yillarda ko'pchilik mamlakatlar katta byudjet taqchilligiga ham duch kelishlari mumkin.

...Mana shunday xulosalardan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda gender tenglikka erishish, xotin-qizlar huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlash, jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirishga ham katta e'tibor berilmoqda. Bu O'zbekistonning xotin-qizlarni har qanday kamsitishdan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya qilishni ta'minlaydigan asosiy xalqaro hujjatlarga qo'shilganida va boshqa ko'plab ezgu sa'y-harakatlar misolida ham yaqqol ko'rinib turibdi.

...Ishonamizki, Parlamentlararo Ittifoqqa a'zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining Toshkent sammiti ham bizning mana shu yo'nalishlarda olib borayotgan ishlarimizni yanada keng ko'lamda davom ettirish, bu boradagi ilg'or tajribalar bilan o'rtoqlashish hamda mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyoti, xalqlarimiz farovonligini ta'minlashga ayollarni yanada kengroq safarbar etish yo'lidagi sa'y-harakatlarimizni samarali amalga oshirishga xizmat qiladi”.