Poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida Sogʻliqni saqlash vazirligi, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Oʻzbekiston gepatologlar uyushmasi tomonidan “Toshkentda kuzgi gepatologiya maktabi” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Tadbir xalqaro ahamiyatga molik boʻlib, AQSH, Rossiya, Shveysariya, Italiya, Germaniya, Ukraina, Hindiston, Misr, Pokiston, Ozarbayjon va Armanistondan taklif etilgan xorijlik nufuzli ekspertlar ishtirok etishmoqda. Ishtirokchi va mehmonlarni Oʻzbekiston Prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari kutib oldi.
Sanitariya-epidemiologiya salomatlik va sogʻliqni saqlash xizmati, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiyot akademiyasi, yuqumli kasalliklar shifoxonasi, poliklinika xizmati, tibbiyot muassasalari vakillari, ixtisoslashgan tibbiyot mutaxassislari anjumanni kuzatib bormoqda.
Konferensiyada Toshkent tibbiyot akademiyasi jamoasi ham munosib qatnashmoqda. Jumladan, akademiyaning jamoat salomatligi va menejment kafedrasi mudiri Gulnora Xudoyqulova hamda kafedra assistenti Malika Xodjayeva ishtirokini qayd etish joiz, deyiladi TTA axborot xizmati xabarida.