Xalqaro transport forumi hamkorligida shahar jamoat transporti kompleks rivojlantiriladi

    Transport 14 Fevral 2023 914

    Bugun transport vaziri Ilhom Maxkamov Xalqaro transport forumi (XTF) tashkiloti bosh kotibi Yong Te Kim bilan uchrashdi.

    Doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuvda oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va kengaytirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

    Xalqaro transport forumi (XTF) transportning barcha turlarini mujassamlashtirgan yagona hukumatlararo tashkilot boʻlib, transport siyosati masalalari boʻyicha tahliliy markaz sifatida faoliyat yuritadi. Bugungi kunda tashkilotga dunyoning 64 ta mamlakati aʼzo boʻlib kirgan.

    Tashkilotning maqsadi iqtisodiy oʻsish, ekologik barqarorlik va ijtimoiy integratsiya jarayonlarida transportning roli va ahamiyatini kengroq tushuntirishga koʻmaklashish hamda transport siyosatining ijtimoiy ahamiyatini oshirishdan iboratdir. Ayni shu maqsadda tashkilot dunyoning eng yaxshi tajribalari bilan almashish platformasi sifatida faoliyat yuritadi va transport sohasidagi turli yoʻnalishlarda tadqiqotlar oʻtkazadi.

    Uchrashuvda Xalqaro transport forumi va Transport vazirligi oʻzaro hamkorlikda amalga oshirgan “Toshkent shahri yoʻlovchi transportini dekarbonizatsiya qilish yoʻnalishlari” loyihasi muhokama etildi.

    Transport vaziri I.Maxkamov Xalqaro transport forumi tomonidan chuqur bilim va eng ilgʻor xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar mamlakatimiz shaharlarida jamoat transportini kompleks rivojlantirish va qarorlar qabul qilishda katta ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidlab oʻtdi.

    Xalqaro transport forumi (XTF) tashkiloti bosh kotibi Yong Te Kim janoblari mamlakatimizda transport va transport kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirish, xususan, jamoat transportini isloh qilish borasidagi saʼy-harakatlarni yuqori baholab, ushbu jarayonda oʻzaro hamkorlikda ishlar samarali boʻlishiga ishonch bildirdi.

    Oʻz navbatida Transport vaziri I.Maxkamov Xalqaro transport forumi (XTF) tashkiloti bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish boʻyicha ishlar jadallashtirilishini maʼlum qildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.