Xalqaro turnirda yetakchilar saralanmoqda, ular safida hamyurtimiz ham bor

    Sport 18 Avgust 2021 1718

    16-avgust kuni poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida start olgan o‘zbekistonlik birinchi grossmeyster Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan XIV an’anaviy xalqaro turnirda 3-tur o‘yinlari ortda qoldi.

    E’tiborlisi, dunyoning 12ta davlatidan 150 nafar aql-idrok sohiblari qatnashayotgan ushbu musobaqaning “A” guruhida hozircha hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov yo‘qotishlarsiz odimlamoqda.

    Turnirning 1-tartib raqamli ishtirokchisi sanalmish Abdusattorov 3-turda qora donalarda o‘ynaganiga qaramay belaruslik Kirill Spivakni mag‘lub etdi.

    Musobaqada g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan biri armanistonlik Shant Sargisyan ham hozircha 100 foizlik natija qayd etib turibdi. U 3-turda ozarbayjonlik xalqaro master Muradli Muxammad ustidan g‘alaba qozondi.

    Shuningdek, hozircha yana bir armanistonlik shaxmatchi Tigran Arutunyan hamda Eron Islom Respublikasi vakili Arian Golamilar ham 3 o‘yindan 3 ochko jamg‘argan holda yetakchilar safida borishmoqda.

    Yosh, umidli shaxmatchimiz Xumoyun Bekmurodovning 2,5 ochko bilan 5-8-o‘rinlardan joy olib turganligi tahsinga loyiq. Hamyurtlarimizdan Nodirbek Yoqubboev hamda Bobir Sattorovlar ham xuddi shuncha ochko jamg‘arishgan.

    Musobaqa davom etmoqda.