Yangi Oʻzbekiston islohotlari xalqimizga tinch va osuda hayot kechirishi uchun yaxshi sharoit yaratib berishni koʻzlaydi. Shu ezgu maqsad yoʻlida amalga oshirilayotgan, insonparvarlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan yangilanishlar xalqimiz turmushi yanada yuksalishi, mamlakatimiz obodligi va taraqqiyotini taʼminlash, davlatimizning dunyo hamjamiyatida obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish va yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashda yuksak samaralar bermoqda.
Taʼkidlash joiz, oʻtgan vaqt davomida rahbarlar xalq ichida yurishga, fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dardu tashvishini tinglashga oʻrgandi. Bu aholi yashash sharoitlari tubdan yaxshilanishiga, turmushi farovonlashishiga sabab boʻldi. Eng muhimi, aholining kayfiyati, dunyoqarashi va hayotga munosabati oʻzgarib, ertangi kuniga mustahkam ishonch paydo boʻldi.
Shu bilan birga, fuqarolarning murojaatlarini oʻz vaqtida hal etish, murojaatlarni koʻrib chiqishda sansalorlik, rasmiyatchilik va befarq munosabatda boʻlish holatlariga yoʻl qoʻyganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash choralari koʻrildi.
Shuningdek, sektorlar tizimi joriy qilinishi davlat organlarini aholiga yaqinlashtirish, xalq bilan tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyishda muhim omil boʻlmoqda. Jamiyatda kambagʻallik va ishsizlikka barham berish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini va nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama manzilli qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” joriy qilindi. Bu tizim fuqarolarimiz hayotida oʻz samarasini bermoqda. Joylarda ushbu daftarlarga kiritilgan fuqarolarga yer berilishi, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun subsidiyalar, imtiyozli kreditlarning ajratilishi ularning turmushi yaxshilanishiga, hayoti farovonlashishiga va eng muhimi oʻzini oʻzi band qilishiga omil boʻlmoqda.
Maʼlumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev vazifasiga kirishgan ilk pallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan shaxslarning uy-joyga boʻlgan ehtiyoji juda yuqori edi. Davlatimiz rahbari odamlarning uy-joy bilan bogʻliq juda koʻplab murojaatlarini eʼtiborga olib, aholini uy bilan taʼminlash choralarini koʻrdi. Insonlarni eng koʻp tashvishga solayotgan uy-joy masalasi davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilandi. Xalqimizda “Uyi borning oʻyi boʻlmaydi” degan maqol bor. Bu bejiz aytilmagan, albatta. Zero, odamlarning uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasidan qoniqish hissi oilaviy baxt-saodatga eltuvchi asosiy omildir. Natijada yangi Oʻzbekiston ulkan qurilish maydoniga aylandi. Ayniqsa, aholini uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha zamonaviy tizim yaratildi.
Bugun mamlakatimizda fuqarolarning uy-joy sharoiti tubdan yaxshilanayotgani, shahar va qishloqlarda yangi turar joylar qurish surʼati va koʻlami jadallik bilan kengayib borayotganiga barchamiz guvohmiz. Qurilish ishlari nafaqat azim poytaxtimizda, balki hududlarda ham jadal tus oldi. Buning natijasida bugun chekka-chekka qishloqlarimiz ham oʻzgacha qiyofaga kirib, shahardan qolishmaydigan ajoyib manzillar bunyod etildi. Oʻtgan toʻrt yilda davlat dasturlari asosida 140 ming yoki yiliga oʻrtacha 35 mingdan ziyod uy-joy barpo etildi. Natijada uzoq yillar boshpanasiz boʻlgan yuzlab, minglab oilalar shaxsiy uyiga ega boʻldi.
Uy-joy masalasini hal etish yuzasidan kelgusida hududlarda 1 milliondan ortiq aholi uchun barcha qulaylik va ijtimoiy infratuzilmaga ega boʻlgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari bunyod qilinishi, “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari izchil davom ettirilishi yillar davomida ijarama-ijara, sarson-sargardon yurgan ming-minglab insonlar qalbiga ishonch tuygʻusini olib kirdi.
Shu bilan birga, xalqimizni hayotdan rozi qilishning, yurtimiz yangi qiyofasini yaratishning eng samarali mexanizmlaridan biriga aylanib ulgurgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida mamlakatimizning koʻplab qishloq, mahalla va ovullaridagi millionlab insonlar hayotida tub oʻzgarishlar roʻy bermoqda.
Hududlarni kompleks rivojlantirish maqsadida ulardagi yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, uy-joylar taʼmirlandi, ichimlik suv va elektr energiyasi tarmoqlari yangilanmoqda.
Mamlakatimizda aholi sogʻligʻini muhofaza qilish va mustahkamlash masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, xalq salomatligi, millat genofondi mustahkamligi shu davlatning katta boyligi sanaladi. Shu maqsadda, ijtimoiy himoya qilish va fuqarolar sogʻligʻini saqlashni yanada kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, sohaga yangi boshqaruvni joriy qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Mavjud kuch va vositalarni jalb qilgan holda, eng avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini har tomonlama mustahkamlash, tibbiy profilaktika va patronaj tizimining mutlaqo yangi tizimini joriy qilish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va aholi salomatligini taʼminlashning mahallalar va aholi xonadonlari darajasigacha qamrab oladigan yaxlit tizim yaratilmoqda.
Shuningdek, oʻtgan davr mobaynida oʻqituvchining mavqeini yuksaltirish, ustoz-muallimlarga munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida pedagog xodimlarning ish haqi bosqichma-bosqich oshirib borilmoqda. Yoshlarning iqtidori va salohiyatini toʻgʻri yoʻnaltirish, umumtaʼlim fanlarini oʻqitishning butunlay yangicha uslubiga oʻtildi.
Eʼtiborli tomoni, xalq bilan muloqot nafaqat yurtimizda yashab turgan fuqarolar bilan, balki adashib, yomon yoʻlga kirib qolgan vatandoshlarimiz ham dardu-tashvishi tinglanib, ularga nisbatan kechirimli boʻlish, insoniylikning eng yuksak namunasini koʻrsatish davlatimiz rahbarining yana bir muhim islohotlaridan biri boʻldi. Mamlakatimiz tarixida ilk bor amalga oshirilgan “Mehr” operatsiyasi doirasida Suriya, Iroq va Afgʻonistondan koʻplab fuqarolarimiz, asosan, ayollar va bolalar Vatanimizga olib kelindi.
Maʼlumki, yurtimizda uzoq yillar davomida yashagan koʻplab insonlar va ularning farzandlari rasmiyatchilik bilan bogʻliq turli mushkulliklar sabab Oʻzbekiston fuqaroligini olish muammosiga duch kelgan. Bu ularning nafaqat oʻz taqdiri, balki farzandlari taqdiridan xavotirlanishiga ham haqli sabab edi. Davlatimiz rahbari ularning murojaatlari va muammolarini eʼtiborsiz qoldirmay, bu muammoga ham yechim topishi natijasida fuqaroligi yoʻq 70 mingga yaqin yurtdoshimiz Oʻzbekiston fuqaroligini olishdek baxtga musharraf boʻldi. Shu bilan birga, mamlakatimizda amalga oshirilgan propiska tizimi islohotlari bilan aholini doimiy roʻyxatga olish tartib-taomillari liberallashtirildi. Muammolarning birin-ketin hal etilishi xalqimiz hayotidan roziligiga, baxtli yashashiga sabab boʻlmoqda.
Xalq bilan muloqotning samarali tizimini yaratish, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari bilan shugʻullanish maqsadida mamlakatimizdagi barcha mahallalarda hokim yordamchilari bugungi kunda oʻz faoliyatini olib borib, xalqimiz bu institut bejiz tashkil etilmaganini oʻz hayotida his qilmoqda. Ular bugungi kunda mahallalarda yurib, tadbirkorlikni boshlamoqchi boʻlgan fuqarolarga joy masalasini hal qilish, subsidiya va kredit mablagʻlarini olishda fuqarolarga eng yaqin koʻmakchi vazifasini bajarmoqda.
Albatta, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar keng jamoatchilik, aholining taklif va talab, tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda. Chunki yangilanayotgan Oʻzbekistonda har kimning fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi, oʻzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatishga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqi amalda taʼminlanayotgani xalqaro hamjamiyat eʼtirofiga tushdi.
Xususan, Prezident talabi bilan davlat boshqaruvi organlari faoliyatidagi “yopiq eshiklar” ochilib, shaffoflik taʼminlanishi natijasida, ayniqsa, aholining oʻzi xohlagan mavzuda tanqidiy fikrlarini emin-erkin bildirishiga ochiq maydon yaratib berildi.
Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining 11-maqsadida Xalq bilan muloqotning samarali mexanizmlarini takomillashtirish muhim vazifa sifatida ilgari surildi. Xalq bilan ochiq muloqotning mexanizmlarini yanada takomillashtirish, muhim qarorlarni jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilish amaliyotini kengaytirish, davlat organlariga kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish jarayonini raqamlashtirish, murojaatlarning tezkor va sifatli koʻrib chiqilishini taʼminlash koʻzda tutilmoqda. Eng asosiysi, “Davlat xalqqa xizmat koʻrsatishi shart” gʻoyasini tatbiq etishni nazarda tutuvchi “Xalqchil davlat” milliy dasturi ishlab chiqish belgilandi.
Aholi fikrini hisobga olish va davlat organlari hisobdorligi sohasidagi koʻrsatkichini yaxshilashda qabul qilinayotgan muhim qarorlar yuzasidan jamoatchilik fikrini oʻrganish, ularning bu boradagi tashabbuslarini aniqlashga qaratilgan maxsus onlayn platformalar imkoniyatlaridan foydalanish ijobiy natija berishi mumkin. Hozirgi vaqtda bunday resurslardan biri jamoatchilik.uz onlayn platformasi boʻlib, u fuqarolar va keng jamoatchilikning islohotlar va muhim qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtirokini kengaytirish, davlat idoralari faoliyati ochiqligini, ularning aholi oldida hisobdorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan. Ushbu resurs orqali qonunchilik, davlat va hududiy dasturlar, shuningdek, dolzarb voqea va hodisalar yuzasidan takliflar bildirish imkoniyatlari mavjud.
“Mening fikrim” veb-portali ham yuqorida aytib oʻtilgan maqsadlarda yaratilgan. Veb-portal orqali Oliy Majlis palatalari, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga muhim qarorlar yuzasidan takliflarni jamoaviy murojaat shaklida bildirish imkoniyati yaratilgan. Veb-portalda murojaatlarni yoʻllash, joylashtirilgan murojaatlar bilan tanishish, joylashtirilgan murojaatlarga ovoz berish, jamoaviy murojaatlarning holati va natijalari haqida maʼlumot olish imkoniyatlari mavjud.
Maʼlumki, bugungi kunda anʼanaviy axborot vositalari bilan birga internet, ijtimoiy tarmoqlar jamoatchilik fikrini shakllantirishda katta rol oʻynamoqda. Jamoatchilik fikrini tashkillashtirish, jamiyat ijtimoiy hayotida birlamchi omil hisoblanadi. Uni boshqarish davlat taraqqiyotini koʻrsatuvchi ichki tuzilmadir, nazorat qilib borish esa, davlat va jamoatchilik fikri oʻrtasidagi muhim boʻgʻin boʻlib, jamiyatdagi tinchlik, totuvlik, barqaror rivojlanishning kafolatidir.
Dilbar MAMAJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati