Joriy yil 14-iyul kuni Senatning muhtasham majlislar zalida muddatidan ilgari oʻtkazilgan saylovda ishonchli gʻalaba qozongan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining lavozimga kirishish tantanali marosimi boʻlib oʻtdi. Saylovda xalqimiz Shavkat Mirziyoyev nomzodi uchun eng koʻp – 87,05 foiz ovoz berdi.
Oʻzbekistonliklarning bu ulkan ishonchi zamirida, albatta, soʻnggi yillarda mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi va Taraqqiyot strategiyasi doirasida yangi Oʻzbekistonni barpo etish hamda Uchinchi Renessans poydevorini qoʻyish yoʻlida Millat Sardori amalga oshirayotgan ulugʻvor va ezgu ishlari bilan xalqimiz qalbining toʻridan mustahkam joy egallaganidek asl haqiqat mujassam.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilingan dastlabki haftadayoq, yaʼni 2023-yil 8-mayda davlatimiz rahbari “Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdi. Bu ham Prezidentimiz yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga soʻzsiz amal qilishni shaxsan boshlab berganidan yaqqol dalolatdir.
Chunki Konstitutsiyaning 128-moddasi uchinchi bandiga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlashga haqli”.
Shuningdek, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning 108-moddasida saylovdan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz lavozimiga kirishishi uchun Oliy Majlis yigʻilishida qasamyod qabul qilishi bilan bogʻliq norma mustahkamlangan.
Jahon tajribasida bunday tantanali marosim – “Inauguratsiya”, deb ataladi. Bu atamaning mazmun-mohiyati, sodda aytganda, qasamyod qilib oʻz lavozimiga kirishish, deganidir.
Inauguratsiya: xorijiy tajriba
Inauguratsiya, asosan Yevropa mamlakatlarining davlatchilik amaliyotiga koʻra, davlat boshligʻining lavozimga kirishish tantanali marosimi hisoblanadi. Tarixda ushbu marosim markazida Qirolga toj kiydirish anʼanasi turgan boʻlib, keyinchalik bu odat faqat Buyuk Britaniyadagina saqlanib qoldi.
Hozirgi kunda aksariyat rivojlangan davlatlarda inauguratsiya dabdabali tantanalardan xoli, zamonaviy rasmiy konstitutsiyaviy marosim tarzida oʻtkaziladi.
Masalan, AQSH Konstitutsiyasiga muvofiq, Amerika Qoʻshma Shtatlarining yangi saylangan Prezidenti lavozimga kirishish uchun Vashingtondagi Kapitoliy binosi oldida anʼanaviy tarzda ochiq tashkil etiladigan marosimda tantanali qasamyod qabul qiladi.
Inauguratsiyaning amerikacha tartib-taomili dunyoning koʻplab mamlakatlari tomonidan qabul qilingan. Shu bilan birga, AQSHda inauguratsiya dastlab doimiy ravishda 4-mart kuni oʻtkazib kelingan boʻlsa, 1933-yili AQSH Konstitutsiyasiga 20-tuzatish kiritilgani munosabati bilan mazkur tantanali marosimni oʻtkazish sanasi 20-yanvarga koʻchirilgan.
Boshqa bir qator davlatlarda ham inauguratsiya aniq belgilangan sanada oʻtkaziladi. Jumladan, bu tantanali marosimni Meksikada – 1-dekabr, Braziliyada – 1-yanvar, Kolumbiyada – 7-avgust, Germaniyada – 1-iyul kunlari oʻtkazish qonunchilikda belgilab qoʻyilgan.
Dunyoning aksariyat davlatlarida esa inauguratsiya oʻtkazish sanasi aniq belgilanmagan. Bu boradagi milliy amaliyotimiz Oʻzbekiston aynan keyingi guruhdagi davlatlar sirasiga mansubligini koʻrsatadi. Yaʼni, qonunchiligimizda inauguratsiya aniq qaysi sanada oʻtkazilishi belgilanmagan.
Yevropaning davlat dini amal qiladigan ayrim mamlakatlarida davlat boshligʻining lavozimga kirishish tantanali marosimida xochni oʻpish yoki “Injil” kitobiga kaftni bosish amallari qoʻshimcha majburiy taomil sifatida kiritilgan. Irlandiya, Italiya va Gretsiyada shunday amaliyot mavjud.
Turli mamlakatlarda inauguratsiya tadbiri faqat davlat boshligʻining qasamyod qabul qilishi timsolidagi tantanali marosim bilan cheklanib qolmaydi, balki boshqa bir qancha tantanalarga ulanib ketadi. Jumladan:
- · AQSHda – inauguratsiyaga bagʻishlangan tantanali parad va bal;
- · Braziliyada – usti ochiq avtomobilda poytaxt koʻchalari boʻylab tantanali sayr, harbiy parad va jamoatchilik oldida ayrim yuqori mansabdor shaxslarni, jumladan, hukumat aʼzolarini lavozimlarga tayinlash amaliyoti oʻtkaziladi;
- · Fransiyada – inauguratsiya marosimi mushakbozlik bilan yakunlanadi, bunda toʻplardan 21-marta oʻt ochiladi.
Janubiy Koreyada Prezident inauguratsiyasi mamlakatning bir palatali parlamenti – Milliy majlis binosi oldida, koʻp sonli mehmonlar ishtirokida ochiq osmon ostida oʻtkaziladi. Mehmonlar yangi saylangan davlat boshligʻi soʻzga chiqadigan minbar roʻparasidagi yigʻma oʻrindiqlarga joylashtiriladi. Yomgʻir yogʻib qolishi ehtimoli hisobga olinib, har bir ishtirokchiga yomgʻirpoʻsh beriladi.
Inauguratsiya marosimida lavozimga kirishishi munosabati bilan yangi saylangan davlat rahbariga muayyan davlat timsollarini topshirish anʼanasi ham mavjud. Xususan:
- · Rossiyada yangi saylangan Prezidentga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti shtandarti, Konstitutsiyaning maxsus nusxasi va yadro jomadonchasi, yaʼni Rossiyaning jami yadro salohiyatini boshqarish kaliti taqdim etiladi;
- · Fransiyada yangi saylangan Prezidentga “Faxriy legion” ordenining buyuk magistri sifatida Prezident belgisi va “yadroviy kod” beriladi;
- Finlyandiyada yangi saylangan Prezident Birinchi darajali “Oq Atirgul” ordeni bilan taqdirlanadi. Ushbu yuksak davlat mukofoti 1919-yilda Finlyandiya regenti general Karl Gustav Mannergeym tomonidan taʼsis etilgan.
Baʼzi bir mamlakatlar tajribasida yangi saylangan davlat rahbarining lavozimga kirishish tantanali marosimida qasamyod qabul qilish amaliyoti koʻzda tutilmagan. Xususan, Fransiyada inauguratsiya marosimida yangi saylangan Prezident faqat qisqacha nutq soʻzlaydi.
Prezident qasamyodi – konstitutsiyaviy odat va tarixiy anʼana
Oʻzbekistonda yangi saylangan davlat rahbarining lavozimga kirishish tantanali marosimida qasamyod qabul qilish amaliyoti konstitutsiyaviy anʼana ekanini aytdik. Binobarin, bizda “qasamyod” tushunchasi ham konstitutsiyaviy atamalar qatoriga kiradi.
Milliy davlatchiligimizning bir necha ming yillik tarixini oʻrganish maqsadida qadimiy shahristonlarda qazishma ishlari olib borgan arxeologlarimiz oʻsha uzoq zamonlarda ham hukmdorlar oʻz lavozimiga kirishish uchun qasamyod qabul qilganini tasdiqlovchi muhim ashyoviy dalillarni topgan. Xususan, hukmdorning qasamyod qabul qilishi jarayoni aks etgan moʻjaz haykalchalar bugun tarix muzeylarida koʻrgazmaga qoʻyilgan.
Olis va shonli tariximizda qasam bilan bogʻliq ibratli hikoyatlar ham koʻp. Shunday tarixiy voqealardan biriga koʻra, Temuriylar davrida Mirzo Ulugʻbekning otasi Shohrux Mirzo Misr sultoniga maktub yoʻllab, oʻzi maxsus tayyorlatgan Kaʼba kisvasini, yaʼni yopinchigʻini yuborishga ijozat soʻraydi.
Shohrux Mirzoning elchisi 1430-yili sulton Beybars qabulida boʻlganida, Shohrux Mirzo Kaʼbaga albatta kisva yopishi haqida qasam ichganini maʼlum qiladi. Shunga qaramay, Misr sultonlari Kaʼbaga kisva yopish ishiga boshqa hech kimning qatnashishini istamagani uchun, uzoq yillar davomida har gal rad javobini berib keladi.
Ammo baribir, 1445-yili Shohrux Mirzo oʻzi tomonidan Qohiraga yuborilgan kisvaning Kaʼba ustiga Misr sultoni kaʼbapoʻshi ostidan boʻlsa ham yopilishiga erishadi. Yaʼni, oʻn besh yil deganda Temuriyzoda hukmdor oʻz qasamining ustidan chiqadi.
Oʻzbek tilidagi “qasam”, “ont”, “vaʼda” kabi sinonim soʻzlar orasidan aynan “qasamyod” atamasi tanlab olingani va Konstitutsiyamizga muhrlab qoʻyilgani bejiz emas. Chunki, maʼnaviy-lisoniy jihatdan yondashganda, qasamyod – sodiqlik haqida rasmiy ravishda beriladigan tantanali va qatʼiy vaʼdadir.
Siyosiy-huquqiy nuqtayi nazardan qaraganda esa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 108-moddasi birinchi bandiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yigʻilishida qasamyod qabul qilgan paytdan boshlab oʻz lavozimiga kirishgan hisoblanadi. Ushbu konstitutsiyaviy moddaning ikkinchi bandida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qasamyodi matni berilgan.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 105-moddasiga asosan, “Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshligʻidir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini taʼminlaydi”.
Konstitutsiyaning 109-moddasidagi 25 ta bandda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vazifalari batafsil belgilab berilgan. Yangi saylangan Prezidentning lavozimga kirishish tantanali marosimi ana shu juda muhim, sharafli va masʼuliyatli vazifalarning bajarilishi uchun rasman yoʻl ochadi. Konstitutsiyamizning talabi xuddi shunday.
Inauguratsiya: mazmuni va milliy tarixi
“Inauguratsiya” – lotincha soʻz boʻlib, uning lugʻaviy maʼnosi “qushning parvoziga qarab, ezgu niyat qilish”, deganidir.
Koʻrinib turibdiki, talaffuzi tilni “sindiradigan” darajada qiyin boʻlgan ushbu kalomning tub maʼno-mohiyati bizga begona emas. Aksincha, juda-juda yaqin, oʻta qadrdon.
Birinchidan, bu soʻzning mazmunida xalqimiz tiynatiga xos fazilat – ezgu niyat qilish yoʻrigʻi jo boʻlgan. Niyat – bu xohish-iroda, murod-maqsad, orzu-umid, demak.
Hamma narsa niyatga bogʻliq. Niyat – amallar poydevori. Hadisda marhamat qilinganidek, “Albatta, amallar niyatga bogʻliqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi boʻladi”.
Alisher Navoiy hazratlari yaxshi niyatli, oliy maqsadli, azmu irodali insonlarga nisbatan “niyatligʻ” degan soʻzni gʻazal va dostonlarida koʻp qoʻllaganlar.
Navoiy bobomizning “Xazoyin ul-maoniy” kitobida Temuriyzoda podshoh va bolalik doʻsti boʻlmish Husayn Boyqaro hazratlariga bagʻishlangan shunday bayt bor:
Mumkin ermas shahlar ichra boʻyla niyatligʻ, magar
Shohi Gʻoziykim muyassar boʻldi bu davlat anga.
Yaʼni, Shohi Gʻoziy – “niyatligʻ”, demakki yaxshi niyatli, oliy maqsadli, azmu irodali inson boʻlgani uchun ham, davlatni boshqarishdek sharafli va masʼuliyatli amalni ado etish vakolatiga muyassar boʻldi.
Ikkinchidan, “Inauguratsiya” soʻzi maʼnosidagi “qushning parvozi”ga oid talqin ham Sharq xalqlari, xususan, oʻzbek xalqi uchun nihoyatda tanish. Tarixiy anʼanalarimizni bir eslaylik.
Odatda, davlat boshligʻi martabasiga yuksalgan insonga nisbatan xalqimiz “boshiga davlat qushi qoʻnibdi” degan iborani ishlatadi.
Sohibqiron Amir Temur hazratlari 1370-yili boʻlib oʻtgan qurultoyda Movarounnahrning ulugʻ amiri deb eʼlon qilingani bilan bogʻliq koʻplab tarixiy hikoyatlardan birida aytilishicha, ul zotning pirlari Sayyid Baraka ulugʻ Sohibqiron faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, katta nogʻora va tugʻ (bayroq) tortiq qilgan. Binobrin, oʻsha davrda saltanat sohibiga topshirilgan nogʻora bilan bayroq oliy hokimiyatning ramzi hisoblangan.
Boshqa bir hikoyatga koʻra, Sohibqiron bobomiz Movarounnahr hukmdori sifatida taxtga oʻtirganidan soʻng “Amir Temur Taragʻay” soʻzlari bitilgan muhrga ega boʻlgan. Shuningdek, Amir Temurning “Rosti-rusti” kalimasi va uchta doira shakli naqshlangan muhri buyuk saltanat bunyodkori va hukmdorining jahongirlik siyosatini oʻzida aks ettirgan.
Albatta, Oʻrta asrlarga mansub hukmdor toj-taxtining mahobatiyu ulugʻvorligini koʻrsatish hamda Amir Temur saltanatining shukuhi va dabdabasini namoyon etishga xizmat qilgan bunday tartib-taomillardan baʼzilari ayni vaqtda tarixda qolgan va bu tabiiy hol.
Shu bilan birga, agar sinchiklab qaralsa, Amir Temur saltanatidan meros tartib-taomillarning baʼzilari Sharq va Gʻarb mamlakatlarida oʻtkaziladigan inauguratsiya marosimlarida u yoki va bu koʻrinishda hali ham qoʻllanib kelayotganini koʻrish mumkin.
Xalqimiz tilidagi “davlatxohlik” kalomi ham tantanali marosim ruhiyatiga uygʻun va hamohangdir. Bu soʻz xayrixoh, doʻstona, degan maʼnolarni beradi.
Oʻzbekiston xalqi yana bir bor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni qoʻllab-quvvatladi, yurtdoshlarimiz ovoz berish asnosida oʻz davlatxohligini – xayrixoh va doʻstona munosabatini ochiq namoyon etdi.
Yangi Oʻzbekiston Prezidentining saylanishi: ishonchli gʻalaba omillari
Tantanali tadbirda hozir boʻlganlarning aksariyati – deputatlar va senatorlar, bir oddiy haqiqatni oʻz taqdiri misolida sinab koʻrgan. Bu ham boʻlsa, bugungi saylovchi – kechagi saylovchi emas, degan haqiqat.
Bugungi saylovchilarning talabi – qatʼiy, maqsadlari – aniq, orzu-niyatlari – yuksak.
Bugungi saylovchi ertaga emas, shu bugun baxtli, toʻkis va farovon hayot kechirishni istaydi.
Bugungi saylovchi oʻzi ovozini beradigan nomzoddan bu borada taklif etiladigan aniq-ravshan Saylovoldi dasturini kutadi. Taqdim etilgan dasturni esa obdon oʻrganadi, sinchiklab va tanqidiy tahlil qiladi.
Shu maʼnoda, Shavkat Miromonovichga mutlaq koʻpchilik saylovchilar yoqlab ovoz bergani quyidagi uchta muhim omil bilan chambarchas bogʻliq.
Birinchi omil: bugungi saylovchilarning aksariyati Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017–2021-yillarda amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasi samaralaridan mamnun va manfaatdor boʻlgan. Xalqimiz bilan hamnafaslikda ishlab chiqilgan ushbu dasturiy hujjat asosida mamlakatimiz hayotining beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha qanchadan-qancha salmoqli chora-tadbirlar belgilab olingani va izchillik bilan amalga oshirilganini bir eslaylik.
Ikkinchi omil: Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi 2022–2026-yillarga moʻljallangan boʻlib, ushbu dasturulamal hujjat doirasida 2022–2023-yillarning oʻzidayoq yettita ustuvor yoʻnalishda bajarilgan ishlar koʻlami va miqyosi tahsinga loyiq.
Uchinchi omil: saylov kampaniyasi doirasida boʻlib oʻtgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining oʻn birinchi syezdida ushbu siyosiy partiyadan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev oʻz Saylovoldi dasturini saylovchilar eʼtiboriga taqdim etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning uchala strategik dasturi ham yurtdoshlarimiz va xalqaro hamkorlarimiz taklif-tavsiyalari asosida ishlab chiqilgani uchun nihoyatda xalqchildir.
Shavkat Miromonovichning bu galgi Saylovoldi dasturida hayotimizning eng ustuvor yoʻnalishlarini qamragan beshta maqsad haqida soʻz boradi. Yaʼni:
birinchi maqsad – taʼlim yoʻnalishi; ikkinchi maqsad – barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash; uchinchi maqsad – suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish; toʻrtinchi maqsad – qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish; beshinchi maqsad – Qurolli Kuchlarimizning harbiy salohiyatini yanada oshirishdan iborat.
Har bir maqsad muayyan chora-tadbirlar va qatʼiy vazifalarni koʻzda tutadi. Bu vazifalarning koʻlami va miqyosi qanchalik qamrovdor boʻlsa, ijrosini taʼminlash mexanizmlari shunchalik aniq.
Birgina misol: taʼlim yoʻnalishida – dunyodagi “Top-500”ga kiradigan chet el oliygohlari bilan hamkorlikda kamida 50 ta qoʻshma oʻquv dasturi va “ikki diplomli tizim” joriy etiladi. Bundan tashqari, biotexnologiya, sunʼiy intellekt va boshqa yuqori texnologik yoʻnalishlarda yiliga isteʼdodli 500 yigit-qiz eng nufuzli xorijiy oliygohlarga davlat hisobidan oʻqishga yuboriladi.
Oʻzbekiston Prezidentining strategik dasturlari davlatimiz va jamiyatimiz hayotining barcha sohalarini tugal qamrab olgan. Shu bilan birga, ayni dasturlardagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishidan yurtimizdagi har bir insonga – qulay imkoniyat, muayyan yengilliklar, moddiy va maʼnaviy manfaat yetsa, oʻz navbatida, har qaysi oila va xonadon obodlik, toʻkinlik, fayz va baraka topadi.
Nazarimda, bu hayotiy haqiqatlar “Nima uchun xalqimiz bu galgi saylovda ham aynan Shavkat Mirziyoyev nomzodi uchun ovoz berdi?”, degan dolzarb va tabiiy savolga munosib javob boʻla oladi.
Shu kunlarda dunyoning yetakchi davlatlari timsolidagi ishonchli hamkorlarimiz ham yangi Oʻzbekiston Prezidentining islohotlar dasturini qoʻllab-quvvatlashini eʼlon qilmoqda.
Jumladan, “Prezident Mirziyoyev oʻzining yangi mandatini qabul qilayotgan bir paytda, AQSH uning islohot va boshqaruv dasturini amalga oshirishda, jumladan, qonun ustuvorligi, hokimiyat tarmoqlari oʻrtasidagi oʻzaro nazorat va muvozanatni taʼminlash, shaxs huquqlarini himoya qilish sohalarida yordam berishga tayyor”, deyiladi AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi Bayonotida.
Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi aʼzosi, baronessa Manzila Uddinning fikricha, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilar ishtiroki yuqori darajada boʻlgan. Bu, shubhasiz, Oʻzbekistonda saylovoldi kampaniyasi yaxshi tashkil etilganidan dalolat beradi”.
Xitoydagi Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Sun Si “Saylov demokratik tamoyillar, xalqaro huquqiy-normativ talablar doirasida ochiq va shaffof oʻtgani”ni eʼtirof etdi.
Shuningdek, “Hindiston – Janubiy Koreya” doʻstlik jamiyati raisi, Hindistonning mamlakatimizdagi sobiq elchisi, “Vivekananda xalqaro fondi” tadqiqot markazi eksperti Skand Tayalning taʼkidlashicha, “Fuqarolarning saylov jarayonida oʻz konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishga boʻlgan faolligi diqqatga sazovor. Muhimi, mamlakatda amalga oshirilayotgan izchil islohot va yangilanishlar, ularning huquqiy asoslari yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlab qoʻyilgan”.
Muxtasar aytganda, davlatxoh – yaʼni xayrixoh xalqimiz oʻzi bilgan, tanigan va tan olgan Shavkat Mirziyoyevga ovoz berdi. Donishmand oʻzbekistonliklar bu gal ham oʻzining xalqsevar va adolatparvar Prezidentini sayladi.
Xalqimizning erkin xohish-irodasi, maqsad-muddaosi va orzu-niyatlariga tayangan ushbu saylov natijalari xalqimiz farovonligi va baxtiyorligini taʼminlash, mamlakatimiz obodligi, tinchligi va taraqqiyotini kafolatlash hamda Vatanimiz obroʻ-eʼtibori va imijini dunyo miqyosida yuksaltirish yoʻlida xizmat qilishi muqarrar.
Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining birinchi oʻrinbosari,
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori