Mahallamizda yana bir yaxshi oʻzgarish boʻlsa kerak, deb hol-ahvol soʻrashda davom etdik. Ammo, hali xursandchilik oldinda ekani xayolimga ham kelmabdi. Shundanmi oqsoqolimizning “Tabriklayman, davlat mukofoti bilan taqdirlanibsiz”, degan soʻzlariga ishonib-ishonmay kalovlanib qoldim.
Toʻgʻrisini aytsam, bunday katta mukofotni kutmagan edim. Vatanimiz va xalqimiz oldidagi kichik xizmatlarim shu qadar yuksak eʼtirof etilganidan boshim koʻkka yetdi.
Bugun mahallamizda kambagʻallikni va ishsizlikni bartaraf etish, aholi orasida tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlikni taʼminlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Hamjihatlikda gap koʻp. Qolaversa, mahalladoshlarimiz ham davlatimiz tomonidan mahallabay ishlash borasida ilgari surilayotgan tashabbuslarni roʻyobga chiqarishda doimo yelkadosh boʻlmoqda.
Hamkorlikdagi bu saʼy-harakatlarimiz hayotda oʻz mevasini beryapti. Jumladan, soʻnggi ikki yil ichida mahallamiz hududida 75 ta kichik biznes subyekti faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bularning 15 tasi sanoat, 22 tasi qishloq xoʻjaligi, 38 tasi xizmat koʻrsatish sohasida ish olib boryapti. Natijada 130 dan koʻproq yangi ish oʻrni yaratildi. Meni, ayniqsa, ayollar oʻrtasida tadbirkorlik, ishbilarmonlik muhiti tobora rivojlanib borayotgani juda ruhlantiradi. Chunki, ayol ishli boʻlsa oila va farzandlar uchun bir imkoniyat, agar ayol tadbirkor boʻlsa, bu oila va farzandlar kelajagi uchun oʻn imkoniyat. Zero, tadbirkor ayol faqat oʻzi, bolalari, oilasini oʻylabgina qolmaydi, u mahallada, jamiyatda ishbilarmonlikni rivojlantirishga intiladi.
Quvonarlisi, bugun bizning mahalamizda ham shunday ayollar safi kengayib bormoqda. “Ayollar daftari” da turgan yetti nafar opa-singlimiz bugun chevarlik, bogʻdorchilik, qandolatchilik, issiqxona yoʻnalishida ish olib boryapti. Ular oʻz oila aʼzolari bandligini taʼminlash bilan cheklanmay yana 20 ta ish oʻrni ham yaratdi. Ushbu xotin-qizlarning ish tajribasi hayotga kirib kelayotgan qizlar uchun maktab boʻlyapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Biz, mahalla faollari ham tadbirkorlarning ish tajribasini doimo targʻib qilamiz, yoshlarni ulardan oʻrnak olishga undaymiz.
Mahallamizning obodligini taʼminlash boʻyicha bajarilayotgan ishlar ham tahsinga loyiq. Bu borada “Tashabbusli byudjet” loyihasi yoʻlga qoʻyilgani juda qoʻl kelyapti. Ushbu loyihada har gal kamida ikkita tashabbusimiz gʻolib boʻlyapti. Buning uchun 2022-yil boshidan buyon 5,5 milliard soʻm ajratildi.
Shular ortidan 24-maktabda yangi oshxona qurib foydalanishga topshirildi. Hududimizda oqib oʻtuvchi Sangzor daryosiga damba oʻrnatilyapti. Bu aholining tomorqasini sugʻorish imkoniyatini yaxshilaydi. 2023-yil drenaj va ariqlarni tartibga keltirish uchun 1,2 milliard soʻm sarflanishi rejalashtirilgan. Bunda dexqon va fermer xoʻjaliklariga, ekin maydonlarga va 800 dan ziyod xonadonlar tomorqasiga uzluksiz suv kelishi taʼminlanadi. Natijada mahallamizning drayver sohalaridan biri – tomorqachilik yanada rivojlanadi, oilalarning daromadi oshadi. Bundan tashqari, mahalladagi transformator va beton ustunlar ham yangilanyapti. Bu aholining energiya taʼminotini yaxshilash imkonini beradi.
Ayni paytda mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmasini kengaytirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha ishlarni davom ettiryapmiz. Endilikda kichik tadbirkorlarimizni yirik loyihalarni amalga oshirishga undamoqchimiz. Chunki, davlatimiz tomonidan bu soha rivojiga keng yoʻl ochilyapti, bu borada barcha zarur imkoniyatlar yaratilyapti.
Quvonarlisi, oxirgi paytlarda mahalla ahlining mahallabay yoʻnalishdagi ishlarga, ayniqsa, hokim yordamchilari faoliyatiga qiziqishi va ishonchi ortib boryapti. Buni aholimiz, ayniqsa yoshlarimizning tadbirkorlik qilish istagidagi murojaatlari koʻpayib borayotganidan ham bilish mumkin. Tabiiyki, xalqimizning bu eʼtibori va ishonchi biz mahalla faollarini yangi-yangi marralar sari ruhlantiradi, doimo izlanish va intilishga undaydi, kuch-quvvat beradi.
Mahbuba MAMIROVA,
Jizzax shahridagi “Amir Temur” mahalla
fuqarolar yigʻini hokim yordamchisi,
II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi