Davlatimiz rahbarining “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi bu qarori gʻoyat keng qamrovli boʻlib, avvalo, milliy musiqa sanʼatimiz, madaniyatimizni yanada yuksaltirishda chinakam dasturulamal boʻlib xizmat qiladi. Zero, unga qadar ham mana shunday huquqiy mezonlar asosida Yunus Rajabiy nomidagi oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti tashkil etilgani, Nukusda opera va baxshichilik maktabi, respublikamizning chekka hududlarida ham baxshichilik maktablari, Bolalar musiqa va sanʼat maktablarida folklor sinflarining faoliyat yuritayotgani fikrimizni isbotlaydi.

Shuningdek, “Inson qadri uchun” ezgu gʻoyasi asosida teatrlarda sahnalashtiriladigan kamida 40 ta yangi spektaklga har yili davlat buyurtmasi berilishi biz, teatr xodimlarini yanada ruhlantiradi, yangi-yangi sahna asarlarining yaralishida muhim omil boʻladi. Eng yaxshi spektakllarning pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirilishi esa ijodkorlarni oʻz ustida yanada koʻproq ishlashga, tinimsiz izlanishga undaydi. Aholiga madaniy xizmat koʻrsatishi uchun mavjud 37 ta teatrga avtobuslarning ajratilishi esa teatr jamoalariga ancha yengillik yaratadi. Hududlarga gastrol safarlarini koʻproq tashkillashtirishimiz xalqimizning teatrga boʻlgan muhabbati, qiziqishini oshirishda ham yuksak ahamiyat kasb etadi. Zero, keyingi paytlarda teatrlarga tashrif sezilarli darajada kamayib qolgandi. Endilikda konsert dasturlari, sirk tomoshalari, simfonik orkestrlar qatori teatr tomshalari ham “Madaniyat karvoni” safida xalqimizga xizmat qilishidan bexad xursandmiz.

Oʻquvchilar va talabalar oʻrtasida “taʼlim muassasasi – tuman – viloyat – respublika” kesimida madaniyat va sanʼat sohasidagi 11 ta respublika koʻrik-tanlovlarini tashkil etish orqali sohaning qancha-qancha umidli vakillari kashf etilishi aniq. Madaniyat va sanʼat sohasidagi ijodkorlarni har yili bir marotaba taqdirlash maqsadida madaniyat va sanʼat milliy mukofoti taʼsis etilayotgani esa sohada professionallik, yangicha yondashuvga intilishni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Aleksandr BEKJONOV,

Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri direktori