– Men siyosiy jarayonlarda ko‘p bor ishtirok etganman. Jumladan, Prezident saylovlarida kuzatuvchi sifatida qatnashganman. Bu kabi siyosiy jarayonlar natijasi har qanday davlat rivojlanishi va aholi hayotda munosib yashashini ta’minlashi bilan ahamiyatlidir.

Mamlakatingizda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovini kuzatib borar ekanmiz, bizni, ayniqsa, muhim siyosiy jarayonga tayyorgarlik, saylov kuni fuqarolarning faolligi, saylov uchastkalaridagi bayramona kayfiyat xursand qildi. Xalqingiz o‘zi istagan nomzodiga ko‘tarinki kayfiyatda ovoz berdi.

Qaysi saylov uchastkasiga bormang, soya-salqin joylar qilingan, saylovchilar uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Ovoz berish uchun yoshi ulug‘ insonlarning ham kelgani, ota-onalar farzandlarini qo‘lidan yetaklab, xuddi bayramga borgandek saylov uchastkasiga kelib ovoz berganini ko‘rib, ochig‘i, hayratim oshdi.

HЕCh BIR TASHKILIY ISH E’TIBORIMIZDAN ChЕTDA QOLGANI YO‘Q

Jakip ASANOV, xalqaro kuzatuvchi (Qozog‘iston):

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida MDHga a’zo davlatlar parlamentlari vakillaridan iborat kuzatuvchilar guruhi ham ishtirok etmoqda. Bu yerda birinchi kun ishlayotganimiz yo‘q. Bunga qadar O‘zbekiston saylov qonunchiligining xalqaro me’yorlardagi demokratik talablarga qanchalik mos ekanini o‘rgandik. Bu borada vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda ishladik.

Bundan tashqari, muddatidan ilgari ovoz berish jarayonlarini ham kuzatdik. Tan olish kerak, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov uchastkalarida katta tashkiliy ishlarni amalga oshirgani guvohi bo‘ldik.

Saylov kuni erta tongdan saylov uchastkalarida bo‘lib, siyosiy jarayonni bevosita kuzatib bordik. Hech bir tashkiliy ish e’tiborimizdan chetda qolgani yo‘q. Saylov qutilari shayligi, yashirin ovoz berish uchun yetarli ovoz berish kabinalari hozirlanganiga ham e’tibor qaratdik.

Ishonamizki, xalqingiz bugungi va yaqin istiqboldagi hayoti farovonligi, mamlakat taraqqiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan siyosiy qarorini qabul qildi.