Xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripovning eng katta armoni ro'yobi sifatida qad ko'targan Yozuvchilar uyushmasi binosida yangragan madhiyamiz sadolari Adiblar xiyoboni uzra kezib, shoir ruhini yana bir karra shod aylagan bo'lsa ajab emas. Zero, bu yangrash, bu jaranglash va bu sadolanish yagona tantanavor qo'shig'imizning yaratilishi, muallifning u bilan bog'liq mashaqqatlaridan so'z ochilgan kecha oldidan bo'ldi.

“Vatanim madhiyasi — faxrim, g'ururim” mavzusidagi ushbu tantanali tadbir kechasi O'zbekicton Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasining Bojxona instituti tashabbusi bilan tashkillashtirildi.  Unda O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Bojxona instituti boshlig'i Vosid ergashev, shoir A.Oripovning turmush o'rtog'i, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibasi Hanifa Oripova, O'zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova, O'zbekiston xalq artisti Munojot Yo'lchieva hamda bojxona instituti professor-o'qituvchilari va kursantlari ishtirok etdilar.

So'z olganlarning barchasi avvalo madhiyamiz Abdulla Oripov va Mutal Burxonovdek ikki buyuk ijodkorning go'zal ijod mahsuli ekani, uni yosh avlod qalbiga chuqur singdirish ularda vatanparvarlik tuyg'usini yanada oshirishini aytib o'tdi. SHuningdek, har bir davlatning madhiyasi o'sha xalqning orzu-umidlari, ozodligidan er kurrasi bo'ylab aks sado berib turishi, mamlakatimiz madhiyamiz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo'lmasligimizni namoyon etishini ham ta'kidladilar. 

Madhiyamizning dunyo yuzini ko'rishi bilan bog'liq eng qiziq xotiralarni yodga olgan Xanifa Oripova kechaga o'zgacha fayz ulashdi.

Ertaga sessiya bo'ladigan kun, Mutal aka kirib keldi. U kishi bilan qo'shni turar edik. Madhiyaning musiqaga tushmayotgan so'zlari ustida ishlashlari kerak edi. Obdon ishladilar. O'sha kuni tong saxarga qadar ularning xizmatida bo'lganim bois bitta so'z uchun qancha vaqt sarflanishiga guvoh bo'lganman. Hatto, bolalarimiz ham uxlagunlariga qadar xo'r bo'lib kuylab ko'rishdi. Musiqani tushunadigan qizimiz musiqasini chalib, jo'r bo'ldi. Umuman, butun oilamiz hayajon bilan Abdulla akaning madhiyasi tanlovdan o'tishini istadik. eng qizig'i, “Olamni mahliyo aylagan diyor” satri “Olamni o'ziga qaratgan diyor” tarzida edi. “o'ziga qaratgan” so'zlari hech musiqaga tushavermadi. Va nihoyat, saxarga yaqin uning “maxliyo aylagan” degan muqobili topildi. Tanlov natijasi esa biz kutgandek bo'lib chiqdi — dedi shoirning turmush o'rtog'i.

Tadbirda Bojxona instituti kursantlarining Vatanni madh etuvchi she'rlari, Munojot Yo'lchieva ijrosidagi kuy-qo'shiqlar ham yangradi. O'zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova xalqimizning uch buyuk farzandi — Botir Zokirov, O'tkir Hoshimov, Abdulla Oripovlarning har biri mana shunday e'tirof va ehtiromga munosibligi, ularning yubiley sanalarini nishonlash barobarida xalqimizning ma'naviy yuksalishini ham gapirib o'tdi. Abdulla Oripovning eng dilbar she'rlaridan yod olib, madhiyamizga umrboqiylik tiladi. Zero, Vatanimiz madhiyasi yangrar ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. U butun er kurrasi bo'ylab tarqalgan 50 milliondan ziyod o'zbek xalqini bir Vatan, bir maqsadga birlashtiruvchi muqaddas qo'shiqdir.

Munojat MO'MINOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri