Shu sababli tadbirkorlar xaridorlarga turli toʻlov usullarini taklif qilyapti. Kimdir avtomobilni naqd pulga sotib olsa, boshqa birov kredit yoki lizingga olishni maʼqul koʻradi. Albatta, barcha oʻz imkoniyati doirasida tanlov qiladi. Ammo bularning barchasi birdek ishonchlimi? Hamma avtosalonlar ham xaridor bilan tuzilgan shartnoma shartlarini toʻliq bajaryaptimi?

Afsuski, unday emas.

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Anvar Isroilov ana shunday muammoga duch kelganlardan. U 2018-yili 17-may kuni “UMID SAVDO FAYZ INVEST” MCHJ bilan “COBALT” rusumli avtomashinani lizing asosida xarid qilish uchun shartnoma tuzgan.

Ammo MCHJ shartnoma shartlarini buzgach, fuqaro avtoulov uchun toʻlagan 128 848 740 soʻm mablagʻini qaytarib olishda amaliy yordam soʻrab Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qildi.

Murojaat asosida federatsiya fuqaro manfaatini koʻzlab, Fuqarolik ishlari boʻyicha Yakkasaroy tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritdi. Sud qaroriga binoan javobgar — “UMID SAVDO FAYZ INVEST” MCHJ nohaq deb topilib, fuqaro foydasiga 128 milliondan ortiq mablagʻ undirildi, deya xabar bermoqda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati.