Prezidentning 06.09.2019-yildagi PF-5813-son farmonining ushbu normasini amalga oshirish bilan bogʻliq yuzaga kelayotgan savollarga DSQ mutaxassislari maxsus tashkil etilgan onlayn-seminarda javob berdilar.

1. Terminal orqali sotilgan tovar uchun urilgan kassa cheki tushumning sunʼiy ravishda oshirilishiga olib kelmaydimi? Axir bu tovar uchun toʻlov terminali cheki berilgan-ku?

– Hech qanday tushumning sunʼiy ravishda oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Nazorat-kassa mashinasi va terminal turli funksiyalarga ega, ular orqali uriladigan cheklar esa tegishli jihoz yordamida amalga oshirilgan operatsiya haqidagi axborotni oʻz ichiga oladi va uni tasdiqlaydi.

Reyestrga kiritilgan barcha onlayn-NKM va virtual kassalarda naqd pulga va plastik kartalar boʻyicha sotilgan tovarlarning hisobini toʻgʻri yuritish uchun maxsus tugmacha bor. Kassir yoki sotuvchi apparatda sotishni qayd etayotganda rejimni toʻgʻri tanlasa, hech qanday muammo yuzaga kelmaydi.


2. Kassir toʻlov turini chalkashtirib, kerakli “terminal” pozitsiyasi oʻrniga “naqd” pozitsiyasini tanlagan boʻlsa, nima qilish kerak?

– Hammasi qonuniy boʻlishi uchun onlayn-NKM yoki virtual kassaga kiritilgan summalarni qaytarib, yangi – toʻgʻri! – chek urish lozim.

Qaytarish qoidalari Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan.

Buning uchun quyidagi xatti-harakatlarni bajarish kerak:

  • xaridordan yozma ariza (F.I.O. koʻrsatilgan holda) olinadi – xoʻjalik yurituvchi subyekt kassasidan pul mablagʻlarini 1 bank kunidan ortiq boʻlmagan vaqt mobaynida qaytarish uchun;
  • xaridordan ilgari berilgan chek olinadi;
  • ikki nusxada yukxat rasmiylashtiriladi. Ulardan biri tovar hisobotiga tikib qoʻyiladi, ikkinchi nusxasi xaridorga topshiriladi va qaytarilgan tovar uchun pul summasini olishga asos hisoblanadi;
  • qaytarilgan summa uchun pul mablagʻlarini qaytarish toʻgʻrisida dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Dalolatnoma bir nusxada tuziladi, masʼul shaxslar tomonidan imzolanadi va tadbirkorlik subyektining rahbari tomonidan tasdiqlanadi;
  • xaridor tomonidan taqdim etilgan kassa cheklari qogʻoz varagʻiga yopishtiriladi va dalolatnoma bilan birgalikda buxgalteriyaga topshiriladi;
  • xaridorning F.I.O. majburiy tartibda koʻrsatilgan holda chiqim kassa orderi rasmiylashtiriladi;
  • tovarlarni sotishdan olingan daromadga tuzatish kiritish pul mablagʻlari qaytarilgan soliq davrida amalga oshiriladi.

3. Xaridor plastik karta orqali xarid qilib, chiqib ketdi. Sotuvchi NKM chekini urishni unutdi. Hisob yuritishda va soliqlarni hisoblashda xatoga yoʻl qoʻymaslik uchun endi kassa chekini nima qilish kerak?

– Sotuvchi xaridorga NKM chekini berishi shart, buni esa faqat xaridor hozir boʻlganda amalga oshirish mumkin. Bunda qonun hujjatlarida sotuvchining xaridor hozir boʻlmaganda chek urishini taqiqlovchi norma yoʻq. Har qanday holatda ham hisob yuritish va hisob-kitob qilish chogʻida xatoga yoʻl qoʻymaslik uchun chek uring. Biroq bu qonun hujjatlarini muntazam buzish va xaridorlarga chek bermaslik uchun bahona boʻla olmaydi.

Oleg GAYEVOY tayyorladi.