Jumladan, mamlakatimiz aholisining ham muayyan qismi yurtimizdan tashqarida mehnat qiladi. Ko'rinib turibdiki, migratsiya bilan bog'liq masalalar butun dunyo mamlakatlari singari O'zbekiston uchun ham juda dolzarbdir.
Shu bois, so'nggi yillarda mamlakatimizda mehnat migrantlarining huquq va manfaatini himoyalash, ularning muammo va ehtiyojlarini o'rganish hamda hal qilishga ko'maklashish masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylandi. Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo'llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg'armasi tashkil etildi, mehnat migrantlarining hayoti va sog'lig'ini sug'urtalash, ularning oila a'zolari uchun ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etildi.
Prezidentimizning 2020 yil 15 sentyabrda qabul qilingan ”Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bu boradagi dolzarb vazifalarni hayotga tatbiq etishda muhim huquqiy asos bo'lmoqda. Qarorda fuqarolarni xorijda ishlash uchun tashkillashtirilgan holda yuborish, chet ellarda ishlayotgan yurtdoshlarimizning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularni moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarning bandligini ta'minlash bilan bog'liq muhim vazifalar belgilangan.
— Ushbu yo'nalishdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida tegishli davlat tashkilotlari vakillaridan iborat delegatsiya a'zolari Rossiyaga borib, ushbu davlatdagi mehnat muhojirlarini rus tili va kasb-hunarga o'rgatish bo'yicha o'quv darslari yo'lga qo'yish imkoniyatlarini o'rgandi, — deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig'i Abdujabbor Alimov. — Tashrif doirasida O'zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Xalqlar do'stligi universiteti hamda World Skills Russia (Rossiyaning yosh mutaxassislari) tashkiloti o'rtasida hamkorlik to'g'risida uch tomonlama memorandum imzolandi. Unga asosan, Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Ekaterinburg, Qozon va Novosibirsk shaharlarida o'zbekistonlik mehnat migrantlarini rus tili va kasbga o'qitish yo'lga qo'yildi.
O'quv kurslarida fuqarolarga rus tilini o'rgatish, qurilish, xizmat ko'rsatish, transport va logistika, texnika va texnologiyalar, ishlab chiqarish, avtomobilsozlik sohalarida 25 ta kasb bo'yicha o'qitilishi ko'zda tutilgan. YA'ni migrantlar Rossiya bozoridagi talab yuqori bo'lgan, yuqori oylik to'lanadigan kasblarga o'qitiladi. Shu kungacha bir guruh yurtdoshlarimiz o'quv kurslarini tugatib, malaka pasportini oldi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xorijiy mamlakatlardagi vakillari ko'magida Rossiyada faoliyat yuritayotgan ana shunday yurtdoshlarimizdan ba'zilari bilan bog'lanib, muloqot qilishga muvaffaq bo'ldik. Marhamatlik 26 yoshli Aziz Sobirjonov shu kunlarda Novosibirsk shahrida qurilish tarmog'ida faoliyat yurityapti.
— Novosibirsk shahrida santexnika tizimlari muhandisligi bo'yicha bepul o'quv kursi tashkil etilgani ayni muddao bo'ldi, — deydi A.Sobirjonov. — SHu choqqacha shu kasbni yaxshi bilmaganim uchun malakali ustalarning ko'magiga tayanishga majbur bo'lardim. O'quv kursini muvaffaqiyatli tugatib, guvohnoma oldim. Bu hunar menga doimiy ishli bo'lish va yaxshi daromad qilish imkoniyatini bermoqda.
Ayni paytda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat migratsiyasi sohasini yanada rivojlantirish, xorijiy davlatlardagi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, YAponiya bilan imzolangan, maxsus malakali ishchilar maqomiga ega bo'lgan xorijiy mehnat resurslarini ishga qabul qilish tizimini amalga oshirish to'g'risidagi o'zaro hamkorlik memorandumiga muvofiq, fuqarolarimizni YAponiyaga ishga yuborish tizimini joriy etish uchun Toshkent shahrida yapon tili va malaka imtihonlarini o'tkazuvchi test markazini ochish rejalashtirilyapti. Bundan tashqari, Janubiy Koreya, Evropaning Pol`sha, Bolgariya kabi mamlakatlari va boshqa davlatlar bilan mehnat migratsiyasi sohasida o'zaro hamkorlikni kengaytirish borasida ish olib borilmoqda.
Xorijda ishlab, yurtimizga qaytib kelgan mehnat migrantlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning jamiyatga moslashishi va bandligini ta'minlashga ko'maklashish borasidagi ishlar ham izchillik bilan davom ettirilmoqda. Bu borada joylardagi mehnat organlarining xorijda ishlab kelgan mehnat migrantlarini tadbirkorlikka o'qitish, ichki mehnat bozoriga moslashtirish borasidagi faoliyatini tashkil etishiga ko'maklashish maqsadida Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida EXHTning O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan qisqa muddatli o'quv kurslari ayni muddao bo'ldi. YAqinda ushbu o'quv kurslarini tamomlagan bir guruh mehnat migrantlari va mehnat inspektorlariga sertifikat topshirildi.
Shofirkonlik Bekmurod Qahhorov ulardan biri. U bir necha yil Rossiyaning Tula shahrida parrandachilik fermasining qurilishida va qariyb besh yil ushbu korxonada faoliyat yuritdi. Hozir vatanimizga qaytgan yurtdoshimiz xorijda orttirgan tajribalaridan kelib chiqib, yurtimizda ham tadbirkorlikni yo'lga qo'yish niyatida.
— O'quv kursida o'z biznesimni boshlash uchun ko'pgina muhim ma'lumotlar olishga muvaffaq bo'ldim, — deydi B.Qahhorov. — Ayni paytda xonadonimda besh yuz bosh tovuq boqyapman. MCHJ tashkil etib, ish faoliyatimni kengaytirmoqchiman. Bu borada davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilayotgani bizni ruhlantirmoqda. Maqsadim bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yangi ish o'rinlari ochish, bozorlarimizda oziq-ovqat to'kinligini ta'minlash, iqtisodiyotimizni rivojlantirishga munosib ulush qo'shishdir.
Ma'lumotlarga ko'ra, 2021 yilda mamlakatimizda 1,5 mingdan ortiq mehnat migrantini tadbirkorlikka o'qitish rejalashtirilmoqda. Bu borada hududlarda ham muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Navoiy viloyati filiali bosh mutaxassisi Anvar Turdievning aytishicha, viloyatda joriy yil oxirigacha 1100 nafar fuqaroni chet elda talab yuqori bo'lgan kasb-hunarlarga va xorijiy tillarga o'qitish rejalashtirilgan. SHu maqsadda Qiziltepa qurilish kolleji, Navbahor tumanidagi ko'p tarmoqli texnikum va oltita mahallada o'quv kurslari tashkil etildi. Hozirgi kunda viloyatning tuman va shaharlaridagi aholi bandligiga ko'maklashish markazlarida mehnat migratsiyasi bo'yicha inspektorlar faoliyat yurityapti. Ular tomonidan aholi orasida olib borilayotgan targ'ibot-tashviqot ishlari natijasida hozirgacha olti yuz nafardan ko'proq yosh chet elda ishlash uchun ro'yxatdan o'tgan va kurslarda o'qishga qiziqish bildirgan.
Har bir mamlakatda mehnat migrantlarini ishga qabul qilishning o'z tartibi bor. Masalan, Rossiyada ishlash uchun patent olish lozim. Buning uchun esa Rossiya qonunchiligi va rus tilidan maxsus sertifikat talab etiladi. Rossiyada bu hujjatlarning hammasini to'g'rilash uchun ko'p vaqt va ancha mablag' talab etiladi. endilikda xorijda ishlash niyatida bo'lgan fuqarolarga rus tili va Rossiya qonunchiligi bo'yicha sertifikatni mamlakatimizda turib olish imkoniyati yaratildi.
Navoiy shahrida tashkil etilayotgan “Ishga marhamat” monomarkazida ham chetga ishlash uchun ketadigan fuqarolarga kasb-hunar o'rgatish barobarida ana shunday hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqa xizmatlar ham ko'rsatish rejalashtirilgan.
Ayni paytda bunday muhim chora-tadbirlar yurtimizning barcha hududlarida amalga oshirilmoqda. Albatta, bu ishlar mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini muhofazalash, mehnat migratsiyasini qonuniy va tartibli tashkil etishda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri