Poytaxtimizda bunyod etilgan G‘alaba bog‘i, hududlardagi “Vatanparvar” majmualari kabi tabarruk maskanlar qisqa muddatda xalqimiz va chet ellik mehmonlar uchun qutlug‘ ziyoratgohlarga aylandi.

Darvoqe, G‘alaba bog‘i... Tez-tez ushbu manzil tomon yo‘lim tushadi. Majmuaning bunyod bo‘lishi, takomillashishi va to‘laqonli kasb etishi ko‘z oldimda kechdi. Bu yerga har kuni turli yoshdagi odamlar, navqiron avlod vakillari, harbiylar tashrif buyuradi. 9 may — Xotira va qadrlash kuni yaqinlashgani sayin so‘lim maskanga borgim, G‘ALABA BOG‘I bilan xayolan suhbatlashgim kelaverdi.

— Mazkur sanani ko‘tarinki shukuh bilan bayram qilsak-da, ammo tarixning mash’um kunlari xotiralarimizda charx uraveradi. G‘alabaga eltuvchi yo‘lning dahshati, yo‘qotishlari qalblarimizni qanchalar ezib, azob bersa, xalqimizning bir maqsad yo‘lida jipslashib ko‘rsatgan matonatini unutishga shunchalar haqqimiz yo‘q ekanini his qilaveramiz.

— Xotira va qadrlash kuni boshqacha bayram. Urush ko‘rgan odamlar uchun qadrdon oilasi va xalqi ardog‘ida bo‘lish, yurtga kerakli ekanini his etish ularni yashashga undayveradi. Mehr-e’tibor, bir og‘iz shirin so‘zga mushtoq keksalar uchun bundan ortiq xursandlik yo‘q, aslida. Sana munosabati bilan tashkil etiladigan davomli tadbirlar esa faxriylarni behad mamnun etadi. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va rag‘batning chek-chegarasi yo‘q.

Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan va o‘sha mashaqqatli davrda front ortida og‘ir hamda halol mehnati bilan metin matonatini namoyish etgan ota-bobolarimiz bizga hayotning oddiy, ammo purhikmat bir haqiqatini anglatib, hamisha bunday duo qiladi: “Urush bo‘lmasin! Urushni biz ko‘rdik, keyingi avlod vakillari ko‘rmasin, ilohim”.

Toshkent shahrida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etildim. G‘alaba bog‘i majmuasi ana shu o‘zbekona falsafa, ta’bir joiz bo‘lsa, xalqona siyosatning amaldagi yorqin natijasidir. Bunday bunyodkorona yondashuv yangi O‘zbekistonning shiddatli islohotlariga xos muhim xususiyat hamdir.

— Bilsang, 2010-yillardan keyin bu yer odamlar nigohidan pana hududga aylanib qolgan, tuman hokimligi binosi ham ko‘zdan ancha narida joylashgandi. Katta yo‘ldan o‘tayotib, ichkariroqda ma’muriy bino borligini birov bilar, birov bilmas darajada ko‘rimsiz joy sifatiida yodimizda qolgan.

— Men bunyod etilib, eshiklarim poytaxtliklar va mehmonlar uchun keng ochilganiga 6 yil to‘ldi. G‘alaba bog‘i degan nomim o‘z mohiyati bilan xalqimizning urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va matonati, yuksak insoniy fazilatlari, qahramon ajdodlar nomlari, shonli an’ana va qadriyatlarini abadiylashtirish, O‘zbekistonda inson xotirasi aziz va muqaddas, qadri ulug‘ ekanini amalda ifoda etish, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan. Davlatimiz rahbari shularni e’tiborga olib, ushbu g‘oyani ta’sirchan badiiy-monumental usullar, innovatsion yechimlar asosida ifoda etishga alohida e’tibor berdi. Muntazam ravishda bu boradagi loyihalar tatbiq etilishini nazoratga oldi. Mendagi murakkab kompozitsiyalardan tortib, hatto tarhdagi kichik detallargacha Prezident Shavkat Mirziyoyevning sinchkov nigohi bilan boyitildi.

Natijada o‘sha suronli yillar manzarasini ochib berishga xizmat qiluvchi holat va jarayonlarni yorqin aks ettiradigan o‘ziga xos me’moriy ansambl sifatida poytaxtning Olmazor tumanidagi 14,7 gektar maydonda barpo etildim, orada olib borilgan ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan takomillashdim.

Shu tariqa azim Toshkent shahrida 2020 yil 9 may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qo‘zonilgan g‘alabaning 75 yilligini nishonlash doirasida G‘alaba bog‘ining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Uning barpo etilishi zamirida O‘zbekiston xalqining jang maydonlarida hamda front ortida ko‘rsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadi mujassam.

Ushbu zamin vakillarining Ikkinchi jahon urushi davrida qonli janggohlarda va front ortida ko‘rsatgan qahramonligi shu qadar yuksakki, fashistlarga qarshi bu urushda qo‘zonilgan buyuk g‘alabani O‘zbekistonsiz, o‘zbek xalqisiz aslo tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Eng avval yangi tarixiy ma’lumotlar va har jihatdan puxta ishlangan loyihalar asosida mening tarkibimda “Matonat madҳiyasi”, “Mangu jasorat”, “Ko‘z yoshi” monumentlari, “Shon-sharaf” muzeyi bunyod etildi. O‘zbek xalqining qonli janglardagi mardligini, front ortidagi mashaqqatli mehnati va fidoyiligini aks ettirishga bag‘ishlangan keng ko‘lamli tarixiy-badiiy ekspozitsiyalar ­yaratildi.

Ana shunday ezgu ishlarning davomi sifatida o‘tgan yili bag‘rim yana bir majmua bilan boyidi: hududda ona yurt qalqonlari sharafiga “Millat fidoyilari” majmuasi barpo etildi. Yodgorlik mustaqillik yillarida yurt himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlari xotirasiga bag‘ishlandi. Sana arafasida G‘alaba bog‘iga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi. Shu yerda marhum harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan uchrashdi, ularga chuqur hurmatini bildirdi.

“Ishonchim komil, yuzlab marhum bahodir harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining nomlari zarҳal harflar bilan muhrlab qo‘yilgan ushbu muhtasham badiiy obida el-yurtimiz chin dildan intiladigan va faxrlanadigan yana bir mo‘tabar maskan bo‘lib qoladi...

Har yili bu yerga kelib, Ikkinchi jahon urushidagi yo‘qotishlarni eslaymiz. Endi mustaqillik fidoyilariga bag‘ishlangan ushbu majmuani tashkil qilganimiz xayrli ish bo‘ldi. Chunki ular ham milliy qahramonlarimiz. Shu jihatdan, bu maydonning ma’naviy ahamiyati katta. Bu ham o‘zlikni anglash, bu ham inson qadri”, dedi davlatimiz rahbari.

Yuqoridan qaraganda majmua O‘zbekiston bayrog‘idagi yarim oy va o‘n ikki yulduz shaklida namoyon bo‘ladi. Qariyb ikki metrlik yulduzlarning qirralari bitiktosh vazifasini ham o‘taydi. Ularning yon taraflariga 196 nafar qahramon nomi zarҳal harflar bilan yozilgan. Bu bitiklar yoniga monitorlar o‘rnatilgan bo‘lib, millat fidoyilari to‘g‘risida ma’lumotlar foto va videolar orqali namoyish etib boriladi.

— Sen bilan ilk bor tanishgan paytlarim shu‘urimda sezilarli o‘zgarishlarni his qilganman. Tafakkurim yangi ma’lumotlar bilan boyigan edi. Ya’ni kim va qaysi yoshda bo‘lmasin, sening huzuringdan tarix lahzalari, urush manzaralari, Ikkinchi jahon urushi haqiqatlaridan yetarli darajada voqif bo‘ladi...

— Men qiziqib ko‘rdim: dunyoning 20 dan ortiq mamlakatida menga o‘xshash bog‘ va muzeylar tashkil etilgan. Ammo yangi O‘zbekistonning G‘alaba bog‘i Rossiya, Belarus, Ukraina, Avstriya, Polsha, AQSh, Isroil kabi boshqa bir qancha davlatlardagi ulkan memorial komplekslarga mutlaqo o‘xshamaydi. Asosiy farqli jihatlari shuki, xorijiy mamlakatlarning birortasidagi memorial majmuada o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi janggohlaridagi jasorati va front ortidagi matonati Toshkentda yaxlit majmua tarzida bunyod etilgan G‘alaba bog‘idagi singari keng ko‘lamda, haqqoniy va adolatli ravishda ko‘rsatib berilmagan.

Bu Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan necha minglab yurtdoshlar xotirasini yod etish, olovli janglardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli damlarda ham o‘zligini aslo yo‘qotmagan, iymoni butun yurtdoshlarimizga hurmat-e’tirom va e’zoz ko‘rsatish O‘zbekistonda oliy darajadagi milliy qadriyatga va davlat siyosatiga aylanganining o‘ziga xos ifodasidir.

O‘zbekiston xalqi Ikkinchi jahon urushida buyuk g‘alabani ta’minlashga, hech shubhasiz, ulkan hissa qo‘shgan. Fashizmga qarshi qonli janglarda o‘sha paytda 6 million 800 mingni tashkil etgan aholimizning qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i kontslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan. O‘zbekistonlik askar va offitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ularning jasoratidan dalolat beradi.

Boqqa kiriladigan asosiy yo‘lning ikki chetidan 10 ta barelyef, ya’ni devorga ishlangan bo‘rtma naqshlar joy olgan. Bu naqshlar o‘zbek xalqining 1941-1945 yillardagi urush davridagi jasoratli va matonatli hayoti haqida bitilgan o‘ziga xos noyob kitobga o‘xshaydi. Uning har bir naqshinkor sahifasi hayajonli tasvirlarga boy.

Yodgorlik majmuasining “Urush” hududi qismi himoya xandaqlari (okop, transheyalar), jangovar texnika, qaqshatqich otishmalarni aks ettiradigan turli tasvirlardan iborat. Urush qiyofasi tanklar, tanklarga qarshi maxsus metall qurilmalar, parvozdagi va qulab tushgan samolyotlar timsolida gavdalantirilgan. Ayniqsa, himoya xandaqlarining uchta tank ostida qolgan qismidan o‘tayotganda har qanday inson bu “temir sandiq”lar ostida majag‘ bo‘lish tahdidini ich-ichidan his etadi va urushning naqadar dahshatli ekanini yaqqol tasavvur qiladi.

Ikkinchi jahon urushining o‘ta dahshatli damlarini ko‘rsatib berish uchun “Kontslager” yodgorligi bunyod etilgan. Unda 1942 yili Smolenskdagi qaqshatqich janglarda mardlarcha kurashgan va asirga olinib, fashistlarning Niderlandiyadagi “Amersfort” kontslageriga tashlangan 101 nafar o‘zbek jangchisining fojiali qismati haqida hikoya qilinadi.

“Shon-sharaf” davlat muzeyiga kirish yo‘lagida, ikki tomondagi devorlarda ham rang-barang barelyeflar joylashtirilgan. Ularda Ikkinchi jahon urushi sahifalari tasvirlangan. Jumladan, “Kuzatish”, “Urush”, “Front ortida” barelyeflari muzeyga kirish yo‘lagining chap tomonida joylashgan. Uzunligi 44 metrlik ushbu asarda navqiron o‘g‘lonlarini urushga kuzatayotgan ota-onalar, o‘zbekistonliklarning front ortidagi mashaqqatli mehnati va G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi o‘z aksini topgan.

— Aprel oyi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi offitserlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, 9 may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan axborot berildi. Demak, sanaga bu yil ham tayyorgarlik qizg‘in...

— Shunday. Har yili Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi O‘zbekistonda tinchlikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash, Vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasini yod etish, bugun oramizda sog‘-omon yashayotgan urush va mehnat faxriylariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishning yorqin amaliy ifodasidir.

Joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga bir martalik pul mukofoti beriladi. Shuningdek, bu kunda urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat-e’tirom ko‘rsatish, yolg‘iz va kam ta’minlangan faxriylarning turar joylarini obodonlashtirish, turli xotira va qadrlash tadbirlari tashkil etiladi.

E’tiborga molik tomoni, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Vatan fidoyilarining xotirasi ham ulug‘lanadi. Ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi. Ona Vatan tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan harbiy xizmatchilar mardligi va jasoratini targ‘ib qilishga qaratilgan ma’naviy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkaziladi. Mamlakat bo‘ylab “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ijodiy kechalar, tanlovlar va ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.

Xotira va qadrlash tushunchalari tobora dolzarb bo‘lib borayotganining yana bir sababi shundaki, insonga mehr ko‘rsatish, uni ulug‘lash, qadrlash kabi a’mollar bizni globallashayotgan va tez o‘zgarib borayotgan murakkab davrning turli tahdidlariga nisbatan sezgir va hushyor bo‘lishga, kechagi kun jarohatlaridan saboq chiqarishga undaydi. Bu borada, ayniqsa, buyuk kelajak egalari bo‘lmish navqiron avlod zimmasidagi mas’uliyat nihoyatda kattadir.

 

* * *

Inson xotiralar bilan yashaydi. Kechagi kunning mashaqqatlarini eslab, og‘ir damlarni bugungi farahbaxsh hayot bilan muqoyasa qilsak, har birimiz ezgulik, yaxshilikni ulug‘lashga ko‘proq intilishimiz tabiiy. Bundan olti yil avval poytaxtimizda barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi bu haqiqatni bizga yorqin eslatib turibdi.

 

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri