Hali yoz fasli poyoniga yetmay harorat biroz pasayib, yogʻayotgan yomgʻir kuz yaqinlashayotganidan ogohlantirmoqda. Odamlar koʻnglidan bu yil ham elektr va gaz oʻchib qolmasmikin, degan xavotir oʻtayotgani bor gap. Axir, oʻtgan yilgi anomal sovuq bu yil ham takrorlanmasligiga hech kim kafil boʻlolmasligi aniq-da. Shunday ekan, kuzning ortidan mehmon boʻladigan qishga tayyorgarlik qay daraja ekani koʻpchilikka qiziq. Ammo soha mutasaddilari bu borada hech bir xavotirga oʻrin yoʻqligini aytmoqda. “Ye-kon” loyihasi doirasida tabiiy gaz qazib chiqarish jarayonlari raqamlashtirilishi hamda hududlarda suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida yangi qurilmalar foydalanishga topshirilishi munosabati bilan yaqinda, yaʼni 25-26-avgust kunlari Gʻuzor hamda Muborak tumanlariga tashkil etilgan press-tur davomida “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari OAV vakillarini shunga ishontirishga harakat qildi.

Sahroda nima gap?

Dastlabki rejaga koʻra, konlargi jarayonlar bilan yaqin tanishish maqsadida Gʻuzor tumanidagi Eshonquduq hududiga taklif etildik. Avtomashinada anchagina yoʻl bosilgach, aholi yashaydigan punktdan olislab, kattagina adirliklardan iborat yoʻlda ketib boryapmiz. Ahyon-ahyonda qum boʻronlari koʻtarilib, choʻl havosi oʻz taʼsirini sezdira boshladi. Keng sahro, adogʻi koʻrinmaydigan manzilda faqatgina neft-gaz sohasi xodimlarigina maxsus mashinalarida har zamonda oʻtib qoladi. Dalada yantoq va saksovuldan boshqa oʻsimlikni deyarli uchratish mushkul. Nihoyat sahro oʻrtasida burgʻilash ishlari ketayotgan manzilga kelib toʻxtadik. Atrofda oʻziga xos shovqin. Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga tegishli Shoʻrtan konidagi 392-quduqda zamonaviy texnika yordamida burgʻilash ishlari bajarilmoqda.

— “Oʻzbekneftgaz” AJ Rossiyaning “Gazpromneft” kompaniyasi bilan quduq burgʻilash va nazorat qilish, qurilish muddatlarini qisqartirish hamda sifatli ishlab chiqarishga topshirish boʻyicha hamkorlikda ish olib bormoqda,— deydi “Oʻzbekneftgaz” AJ Uglevodorodlarni qazib chiqarish departamenti boshligʻi Aziz Rahmonov. — Ayni paytda ushbu quduqda burgʻilash ishlarini “Gazpromneft” mutaxassislari bajarmoqda. Quduq chuqurligi 3 ming 200 metrgacha yetkaziladi. Buning uchun oldin 80-90 kun sarflangan boʻlsa, xorijlik mutaxasssislar 50 kundan ortiqroq vaqt ichida belgilangan ishni yakuniga yetkazishni reja qilishgan. Xususan, uch kundayoq quduqning 700 metrga yaqin qismi burgʻilandi. Dastlabki qatlamdan oʻtish biroz oson kechishi mumkin, ammo keyingi bosqichlar ham tezkor bajarilishi kutilmoqda. Mahsuldor qatlamni sifatli ochish va quduqni kavlash ishlari muddatini qirq foiz qisqartirish rejalashtirilgan. Bu jarayonda mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish ham maqsad qilingan.

Keyingi manzil tomon yoʻlda davom etarkanmiz, bir muddat konchilar uchun maxsus shiyponda toʻxtab, “Oʻzbekneftgaz” AJ rahbari Bahodir Sidiqovdan zarur maʼlumotlar olish ilinjida boʻldik.

— Bugungi kunda sohada keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi B.Sidiqov. — Jumladan, quduqlarni burgʻulash vaqtini qisqartirish, zaxira konlarni koʻpaytirish maqsadida koʻpgina xorijiy kompaniyalarni hamkorlikka jalb etganmiz. Hozir Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy kabi davlatlarning yetakchi korxonalari ish olib bormoqda. Aholiga zarur gazni oʻz vaqtida yetkazib berish, shuningdek, ishlab chiqarish korxona va muassasalarining gazga boʻlgan talabni qondirish harakatidamiz.

“Oʻzbekneftgaz” rahbari gaz taʼminotidagi oʻtgan yildagi kabi uzilishlar boʻlishi borasidagi xovotirlarni aritishga urindi:    “Bu borada kerakli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bois, biz ham deyarli har kuni belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarishga intilyapmiz. Taʼkidlashim lozimki, sohamizda import va eksport ishlari doimiy ravishda olib boriladi. Gohida aholi oʻrtasida tushunmovchiliklar paydo boʻlib, oʻzimizda gaz yetishmasdan, nega chetga sotilmoqda, degan savol paydo boʻladi. Buni toʻgʻri tushunishimiz lozim, deb oʻylayman. Yaʼni bizda gaz isteʼmoli uchun talab doim bir xil boʻlmaydi. Misol uchun, qishda bu ehtiyoj ortadi, kunlar isiy boshlagach, pastlab ketadi. Bu paytda extiyojdan ortgan gazni saqlab turish imkoniyati yoʻq. Shunda eksportni amalga oshirishga tushamiz. Ammo keyingi yillarda yoz mavsumida ham aholi isteʼmoli ortib bormoqda. Shu bois, kerakli choralar koʻrib borilmoqda”.

“Oʻzbekneftgaz” rahbari Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan dizel yoqilgʻisi yaqinda Afgʻonistondan “sifatsizligi sabab” qaytarib yuborilgani toʻgʻrisidagi xabarlar notoʻgʻri ekanini taʼkidladi.

“Uzbekistan JTL” zavodimizda ishlab chiqarilgan dizel mahsuloti sifati oʻta yuqori. Qoʻshni davlatda bu borada biroz tushunmovchilik boʻlgani bois, shu holat roʻy berdi. Afsuski, birinchi yoʻnaltirilgan mahsulotimizni qaytarib yuborishdi. Albatta, xorij bozoriga kirishning oʻzi boʻlmaydi. Bu jarayonda baʼzi tushunmovchiliklar ham kuzatiladi. Lekin, hech shubhasiz, dizel yoqilgʻimiz boshqa davlatlarniki bilan bemalol raqobatlasha oladi. Misol uchun, yaqinda ming tonna shunday mahsulotimizni Estoniyaga sotdik. Yana qiziqish bildirib, oʻn ming tonnaga buyurtma berishgan. Bu sifat yuqoriligidan dalolat beradi. Shuningdek, Gruziyadan ham talab tushmoqda. Tez kunda ular bilan kerakli shartnomalar tuziladi”.

Suhbat yakunida “Oʻzbekneftgaz” AJ rahbari gaz va elektrdan foydalanishda aholida tejamkorlik madaniyatini shakllantirish lozimligini ham qayd etdi.

“E-kon” loyihasi amalda

Keyingi manzilda jurnalistlar uchun “E-kon” loyihasi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish imkoni yaratildi. “E-kon” loyihasi doirasida Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli Shoʻrtan konidagi 20, 24-gaz yigʻuv punktlariga tegishli quduqlar koʻrsatkichlarini onlayn kuzatish jarayonlari bilan tanishdik.

— Avvallari kuzatuv natijalari qogʻozga qayd etilib, barchasi qoʻlda bajarilardi, — deydi muhandis-operator Maqsud Jumayev. — “E-kon” bu borada ancha qulay. Shu bilan birga, vaqt va mablagʻ tejalmoqda. Hozir oʻttizga yaqin qudugʻimizda onlayn kuzatish imkoniyati mavjud. Bugun sinov ishlari boshlangan. Keyinchalik bu toʻliq tartibda joriy etiladi.

Maʼlumotlarga qaraganda, “E-kon” loyihasi, asosan, toʻrtta yoʻnalishda amalga oshirilishi belgilangan. Birinchisida quduqlarda bosim va harorat oʻlchov vositalari oʻrnatiladi, ikkinchisida tabiiy gaz sarfini oʻlchash imkonini yaratish maqsadida gaz yigʻuv joylarida dastlabki tayyorlash qurilmalari quriladi, uchinchi bosqichda dasturiy taʼminot ishlab chiqilib, joriy etiladi. Yakunda muhandis-operator lavozimi joriy etiladi.

Ushbu amaliyotlar toʻliq bajarilgach, 1500 ta quduqda bosim va harorat oʻlchov vositalari oʻrnatilib, onlayn tarzda maʼlumotlar yigʻish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, 80 ta yigʻuv joyida tabiiy gaz tayyorlash va sarfini oʻlchash qurilmalari oʻrnatiladi. Operatorlar faoliyati samaradorligi oshirilib, barcha qurilma va oʻlchov asboblaridan olinayotgan maʼlumotlarni tahlil qilish va boshqarish uchun yagona dasturiy taʼminot ishlab chiqiladi.

Pilot loyiha doirasida Shoʻrtan, Muborak va vodiy viloyatlaridagi neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida bosim oʻlchovchi 203 ta, harorat oʻlchovchi 110 ta va 11 ta aloqa chiqaruv vositasi oʻrnatiladi. Shuningdek, senyatbr oyida Janubiy Tandircha, Shoʻrtan, Sharqiy Berdax, Dengizkoʻl, Somontepa, Tegirmon konlariga bosim oʻlchovchi jami 666 ta va harorat oʻlchovchi 333 ta vosita qoʻyilishi rejalashtirilgan.

Yana bir yangi loyiha ishga tushdi

Muborak gazni qayta ishlash zavodi mamlakatimizdagi yirik korxonalardan biri. Press-turning ikkinchi kuni ushbu zavodda boʻldik. Shu kuni loyiha qiymati 60 milliard 186 million soʻm boʻlgan, gazdan oltingugurt ajratib oladigan 5-sex ishga tushirildi.     

Loyiha natijasida mavjud qurilmalarni taʼmirlash davrida zavod qabul qiladigan tabiiy gazning qisqarishi oldi olinadi. Gaz qabul qilish kamaymagan holda taʼmirlash ishlari bajariladi.

Press-tur davomida olgan xulosamiz shu boʻldiki, aslida gaz xonadonimizga yetib kelguncha uning ortida qanchadan-qancha zaxmatli mehnat yotadi. Bu yoʻlda juda koʻp mablagʻ sarflanyapti. Soha qanchalik modernizatsiya qilinsa, isteʼmolchilar tejab-tergasa, shunchalik yaxshi. Zero, barchamiz uchun tabiiy boylik hisoblangan gazdan nafaqat sizu biz, balki avlodlarimiz ham foydalanishga haqli.       

Akbar RAHMONOV,

“YAngi O'zbekiston” muxbiri