Xisori qo‘ylar Qo‘shrobod yaylovlarida boqilmoqda

    Qirg‘iziston Respublikasidan 170 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ evaziga 600 bosh xisori qo‘ylar keltirilishi rejalashtirilgan.

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan Prezidentimizning 2020 yil 29 yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta'minlash yuzasidan monitoring-nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda. Qaror asosida mamlakatimizga xorijiy davlatlardan keltiriladigan har bir bosh naslli qoramol uchun mavjud imtiyozlar bois chorva mollari naslini yaxshilash asnosida sifatli go‘sht va go‘sht mahsulotlari yetishtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

    Xususan, viloyatda qo‘ylar naslini yaxshilash maqsadida xorijiy davlatlardan nasldor qo‘y va echkilarni keltirish yuzasidan tegishli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Masalan, Qo‘shrobod tumani dasht hududda joylashgani, yer maydonining asosiy qismi yaylovlardan iboratligi bois, bu yerda qo‘y va echkichilikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatga ega. Shu maqsadda tumandagi “Kamron Javohir chorvalari” fermer xo‘jaligi tomonidan Qirg‘iziston Respublikasidan 170 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ evaziga 600 bosh xisori qo‘ylar keltirilishi rejalashtirilgan. Loyihaning birinchi bosqichiga asosan, tumanga 450 bosh naslli xisori qo‘ylar keltirildi.

    — Ushbu fermer xo‘jaligi naslchilikka ixtisoslashgan bo‘lib, 315 gektar yer maydoniga ega, — deydi Inspektsiyaning Qo‘shrobod tuman bo‘limi boshlig‘i G‘iyosiddin Xaliqov. — Ayni kunlarda xisori qo‘ylar O‘zagroinspektsiyasining tuman bo‘limi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan karantin nazoratiga olinib, zooveterinariya ko‘rigidan o‘tkazildi.

    Tuman hokimligining “Chorvachilikni rivojlantirish” dasturiga ko‘ra, Qirg‘iziston respublikasidan ushbu fermer xo‘jaligi tomonidan yana 150 bosh, tumandagi ikkita fermer xo‘jaligiga 300 bosh xisori qo‘ylari keltiriladi. Inspektsiya organlari tomonidan, xisori qo‘ylar belgilangan tartibda veterinar nazoratiga olinadi. Kelgusida xisori qo‘ylar sonini ko‘paytirgan holda aholiga sifatli va arzon go‘sht mahsulotlari yetkazib berish imkoniyati yuzaga keladi.