Bu haqda “Oʻztemiryoʻlkonteyner” matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu loyiha 2025-yilda Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Tojikiston davlat rahbarlarining uchrashuvida belgilangan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda transport-logistika aloqalarini rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarning amaliy ijrosi sifatida muhim ahamiyat kasb etdi.

Xalq isteʼmoli mahsulotlari va qurilish texnikasi yuklangan 8 ta 40 futlik konteynerdan iborat mazkur poyezd Lanchjou stansiyasidan yoʻlga chiqib, «Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston – Tojikiston« multimodal transport koridori orqali Dushanbe-2 stansiyasiga yetib borishi rejalashtirilgan. Umumiy masofasi 3 500 kilometrdan ortiq boʻlgan ushbu yoʻnalishda yuklarni yetkazib berishning tranzit muddati 18–20 kunni tashkil etadi.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning logistika sohasidagi tashabbuslari va qoʻllab-quvvatlovi natijasida ushbu multimodal yoʻnalish boʻylab maxsus tarif imtiyozlari joriy etilgan. Mazkur pilot loyiha kompaniyaning Xitoy – Markaziy Osiyo yoʻnalishida barqaror va muntazam konteyner tashuvlarini tashkil etish borasidagi ulkan salohiyatini namoyish etadi. “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ bundan buyon ham xalqaro logistika zanjirlarini kengaytirish, yangi transport koridorlarini rivojlantirish hamda hamkorlar uchun ishonchli va samarali xizmatlarni taqdim etish borasidagi faoliyatini izchil davom ettiradi.