Xitoy bilan koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 9 Avgust 2022 1078

    Joriy yil 9-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida Xitoy Xalq Respublikasi bilan koʻp qirrali hamkorlikning joriy holati va uni chuqurlashtirish borasidagi masalalarni muhokama etishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari, Oʻzbekiston Respublikasining XXRdagi elchixonasi rahbarlari ishtirok etdi.

    Xitoy bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha idoralararo, tarmoqlararo va hududlararo darajalarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, yangi istiqbolli bitimlar va shartnomalar tuzish, oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda xitoylik sheriklarning grant yordamini jalb etish muhimligi taʼkidlandi.

    Xususan, savdo-iqtisodiy, sanoat va hududlararo munosabatlar, transport, energetika, farmatsevtika, kimyo va neft-kimyo, avtomobilsozlik, konchilik, metallurgiya, pillachilik, paxtachilik, qishloq va suv xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, fan, taʼlim va madaniyat sohalarida, toʻqimachilik mahsulotlari, charm buyumlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlarida investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalarini ishlab chiqish istiqbollari muhokama etildi.

    Shuningdek, yigʻilishda joriy yil avgust oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻmitaning 6-yigʻilishiga tayyorgarlik jarayoni koʻrib chiqildi. Hukumatlararo qoʻmitaning 7 ta kichik komissiyalar, vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tanqidiy ruhda tahlil etildi. Qisqa muddatda investitsiyaviy takliflar, hujjatlar va bitimlarni ishlab chiqish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi, shuningdek ustuvor sohalarda hamkorlikni kengaytirish boʻyicha aniq takliflarni tayyorlash topshirildi.

    Uchrashuv yakunida vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning masʼul rahbarlariga muhokama etilgan masalalar va belgilangan vazifalar doirasida qoʻshimcha topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.