Viloyat hokimligi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, uchrashuvda Xitoy kompaniyasi tomonidan Fargʻonada energetika sohasidagi yirik loyihalarga investitsiya kiritish masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlash joiz, “Longyuan Power Group” kompaniyasi shamol, quyosh, geotermal, suv oqimi, gaz, koʻmir va biomassa elektr stansiyalarini loyihalashtiradi, quradi hamda ish jarayonini birgalikda boshqaradi. Shu bilan birga tarmoq kompaniyalari va boshqa isteʼmolchilarga elektr energiyasini sotadi, energiya uskunalari va koʻmir savdosi, konsalting xizmatlarini koʻrsatadi. Elektr stansiyalari, shamol turbinalari va boshqa uskunalarni taʼmirlash hamda texnik xizmat koʻrsatishda koʻmaklashadi. Shamol elektr stansiyasi mutaxassislari malakasini oshirish hamda qurilmalarni sinovdan oʻtkazib borish amaliyotini tashkil etadi.
Muloqotda viloyat rahbariyati kompaniyaning energetika sohasidagi ilgʻor tajriba va yutuqlarini eʼtirof etib, hududda quyosh panellari oʻrnatish hamda yirik korxonalarga quyosh panelli quvvatlagichlarini oʻrnatib berishda hamkorlik qilish istiqbolli ekanligini taʼkidladi.
Oʻzaro hamkorlik doirasida hududlarda ixcham podstansiyalar qurish taklifi ilgari surilib, viloyatdagi sanoat zonalari, xususan, Oʻzbekiston tumanida joylashgan “Shoʻrsuv” sanoat zonasi haqida maʼlumot berildi. Kompaniya mutaxassislari ushbu sanoat zonasi imkoniyatlarini oʻrgangan holda oʻz loyihalarini joylashtirish mumkinligi aytildi.
Ezgu tashabbus ijrosini taʼminlash maqsadida masʼullar biriktirilib, kompaniya vakillari bilan birgalikda sanoat zonasini oʻrganish va istiqbolli loyihalar boʻyicha ish boshlash boʻyicha kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.