Jumladan, “Sinxua” axborot agentligi va “Global Times” axborot-tahliliy nashrida ushbu mavzuda eʼlon qilingan materiallarda Oʻzbekiston Afgʻonistonga 3 ming 700 tonnadan iborat navbatdagi insonparvarlik yordami koʻrsatgani maʼlum qilingan.

“Sinxua” axborot agentligi taʼkidlaganidek, ushbu yuk 63 ta temir yoʻl vagoni orqali Afgʻonistonning Mozori-Sharif shahriga yetkazilgan. Gumanitar yordamning yangi partiyasi iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan Afgʻonistonning muhtoj fuqarolari orasida tarqatiladigan oziq-ovqat, yoqilgʻi va qishki kiyim-kechaklarni oʻz ichiga olgan.

Afgʻoniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Sher Abbos Stanakzay butun Afgʻoniston xalqi nomidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga ushbu ogʻir damlarda mamlakatga boʻlgan doimiy eʼtibor, qoʻllab-quvvatlash va hamjihatlik uchun chuqur minnatdorlik bildirgani qayd etilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

Xitoy matbuoti Sher Abbos Stanakzay Toshkent va Kobul oʻrtasida koʻplab sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlashga chaqirganini taʼkidlagan. “Jumladan, u Oʻzbekistondan aeroportlar barpo etish, temir yoʻllar qurish va afgʻonistonlik yoshlarga taʼlim berishda yordam soʻradi”, — deb yozadi Xitoy nashrlari.

“Afgʻoniston bugun iqtisodiy inqiroz bilan yuzlashmoqda, chunki mamlakatning taxminan 36 million aholisining 22 milliondan ortigʻi oʻtkir oziq-ovqat tanqisligi bilan yashayapti. Vaziyatni oʻnglash uchun Afgʻoniston muvaqqat hukumati xalqaro hamjamiyatni gumanitar yordam koʻrsatishga chaqirmoqda. Koʻplab davlatlar, jumladan, Oʻzbekiston, Xitoy va boshqalar zarur yordam koʻrsatdi”, — deb yozadi “Global Times”.