Tadbirda Xitoyning vazirlik va idoralari, yirik ishlab chiqarish va sayyohlik kompaniyalari rahbarlari, ishbilarmon doiralari, xorijiy mamlakatlar va tashkilotlar diplomatlari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Forum ishtirokchilari Oʻzbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni bilan tanishtirildi. Mamlakatimizning savdo-iqtisodiy jihatdan jozibadorligi va xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar haqida aytib oʻtildi.
Xitoy mashinasozlik va elektron mahsulotlar importi va eksporti boʻyicha savdo palatasi prezidenti Chjan Yuyszin oʻz nutqida Oʻzbekistondagi savdo va investitsiyaviy muhit hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholab, Palataga aʼzo Xitoy kompaniyalari mamlakatimizda infratuzilma, energetika va yuqori texnologiyali sanoat loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etayotganini qayd etdi.
Tadbir davomida Oʻzbekistonning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy va turizm salohiyatini namoyish etuvchi videoroliklar namoyish etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.