Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi oʻrtasidagi uchrashuv yakuni bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va kelgusidagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan suhbat chogʻida ikki Davlat rahbarlari boshchiligida mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar barcha ustuvor yoʻnalishlarda izchil mustahkamlanib borayotgani taʼkidlandi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, transport-logistika, bank va boshqa sohalarda hamkorlik rivojlanayotganligi alohida taʼkidlandi.
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil fevral oyida Xitoyga tashrifi chogʻida imzolangan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning 2022-2026-yillarga moʻljallangan hukumatlararo dasturini amalga oshirish boʻyicha keyingi choralarni belgilab oldilar.
Xitoy tomoni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida 25-martda “Sanoat kooperatsiyasi. Yangi imkoniyatlar” boʻyicha Oʻzbekiston-Xitoy forumini oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti shafeligida Oʻzbekistonda joriy yilda boʻlib oʻtadigan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari ham koʻrib chiqildi.
Muzokaralar yakunida uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik samaradorligini oshirish boʻyicha aloqalarni yanada faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.