Xalqaro ekspertlarning fikricha, Xitoy davlatiga eksport koʻlami kengayib borayotganligining asosiy omili – Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtahol aholisining soni (400 milliondan ortiq) jadal surʼatlar bilan oʻsib borayotgan, hamda oziq-ovqat chakana bozorining hajmi boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turuvchi eng yirik bozor hisoblanadi. Bugungi kunda Xitoyda oziq-ovqat va ichimliklar isteʼmoli 1 trillion dollardan ziyodni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich esa tobora oʻsib boryapti.

Shuningdek, Xitoy bozorida soya, yashil mosh, loviya, yasmiq va boshqa dukkakli oʻsimliklar mahsulotlari keng tarqalgan boʻlib, ularga talab ham borgan sari ortyapti. Xususan, mosh har bir xitoylikning ovqatlanish ratsioniga kiritilgan.

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi Eksportga koʻmaklashish boʻlimi maʼlumotlariga koʻra, shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasiga mosh eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlarining soni 10 taga koʻpayib, endilikda jami 65 ta eksportyor korxonalar mazkur davlatga mosh mahsulotini eksport qilishlari mumkin.

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi va Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona boshqarmasi oʻrtasida “Oʻzbekistondan Xitoyga mosh eksport qilish boʻyicha fitosanitariya talablari toʻgʻrisida”gi bayonnoma imzolangan boʻlib, mazkur Bayonnomaning imzolanishi oʻzbekistonlik tadbirkorlar tomonidan Xitoyga mosh eksportini yanada oshirishga yangi imkoniyatlar eshiklarini ochib berdi.

Shu bilan birga, Oʻzbekistondan Xitoyga eksport qilinayotgan mahsulotlar sanitariya-gigiyena meʼyorlariga, fitosanitariya qoidalariga va Bayonnomada nazarda tutilgan talablarga toʻliq javob berishi kerak.

Maʼlumot uchun: Xitoy mamlakatga import qilinadigan barcha mahsulotlar ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatgan va barcha importyor-ishlab chiqaruvchilarga mahsulotning sifatini tekshirish yuzasidan karantin holati eʼlon qilingan. Tekshiruv davomida Xitoy hukumati mahsulotda oʻsimlik zararkunandalarining mavjudligi va ularning tarqalish xavfini oldini olishga jiddiy eʼtibor beradi.

Umuman olganda, soʻnggi ikki yilda amalga oshirilgan birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida oʻzbek mosh eksportining hajmi uch baravarga koʻpayib, 2019-yildagi 28 ming tonnadan 2020-yilda 75 ming tonnagacha oshirildi. Shu bilan birga, Xitoy import qiladigan ushbu mahsulot umumiy hajmida Oʻzbekistonning ulushi 26 foizdan 36,5 foizga oshdi, deb xabar beradi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati.