Ayni paytda Xitoy davlatining fitosanitar talablariga javob beradigan quritilgan olxoʻri mahsulotini eksport qiluvchi korxonalar soni 13 taga yetdi. Bular quyidagilar:
- “Agro Gumush Jomboy” MCHJ (Samarqand viloyati, Jomboy tumani);
- “Doniyev Servis Stil” MCHJ (Samarqand viloyati, Toyloq tumani);
- “Samrin trade” MCHJ (Samarqand viloyati, Samarqand tumani);
- “Fast Net Export” MCHJ (Samarqand viloyati, Oqdaryo tumani);
- “Chelak tomorqa xizmati” MCHJ (Samarqand viloyati, Payariq tumani);
- “Ilyasov” MCHJ (Fargʻona viloyati, Fargʻona shahri);
- “Uztrade” MCHJ (Toshkent shahri, Yunusobod tumani);
- “Global Export Company” MCHJ (Toshkent shahri, Yunusobod tumani);
- “KINOA” MCHJ (Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani);
- “Evergreen Agriculture” QK MCHJ (Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani);
- “Andijan Export and Import Business Solutions” MCHJ (Andijon viloyati, Paxtaobod tumani);
- “Urgut Kamol Jamol” XK (Samarqand viloyati, Urgut tumani);
- “Food Agro” MCHJ (Toshkent viloyati, Oʻrta Chirchiq tumani).
Bayonnomaga koʻra, quritilgan olxoʻri mahsuloti Jahon savdo tashkilotining (WTO) Sanitariya va fitosanitariya choralarini qoʻllash bitimi (SPS Agreement) tamoyillari, Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha xalqaro konvensiya (IPPC), Xitoy Xalq Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonuni, Xitoy Xalq Respublikasining kirish va chiqishda hayvonlar hamda oʻsimliklar karantini qonuniga muvofiq eksport qilinishi zarurligi qayt etilgan. Yaʼni, eksport qilinadigan mahsulot Xitoy tomoni uchun xavfli deb qayd etilgan karantin obyektlaridan holi boʻlishi lozim.
Shuningdek, quritilgan olxoʻri tuproqdan holi va begona oʻt, oʻsimlik qoldiqlari, qum, shagʻal, metall kabi unsurlar bilan aralashtirilmagan boʻlishi lozim.
Qolaversa, quritilgan olxoʻrida tirik hasharotlar, ayniqsa, omborxona zararkunandalari boʻlmasligini taʼminlash uchun fumigatsiya va yuqori haroratli dezinseksiya kabi nazorat choralari amalga oshirilishi lozim. Bunda fumigatsiya qilinganlik toʻgʻrisida sertifikat ilova qilinishi, shuningdek, fumigatsiya usuli ikkala tomondan ham tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Eslatib oʻtamiz, eksportyor tadbirkorlar tomonidan yuqoridagi talablarga rioya qilinishi mahsulotlarining xorijiy bozorlarda talabgor boʻlishini taʼminlash bilan bir qatorda, mamlakatimiz eksport salohiyatining yanada oshishiga xizmat qiladi, deb xabar beradi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati.