Xitoy Fanlar akademiyasining (CAS)Kosmik foydalanish texnologiyalari va muhandisligi markazi (CSU) chorshanba kuni Yer-Oy fazosida uzoq retrograd orbitasida (DRO) ishlaydigan uchta sun’iy yo‘ldoshlar turkumi ikki yildan beri orbitada muvaffaqiyatli ishlayotganini e’lon qildi. Loyiha kelajakda Oyni tadqiq qilish uchun poydevor yaratmoqda, deb xabar beradi Xinhua.

Bu haqda chorshanba kuni Pekinda ochilgan 2026-yilgi Chjunguansun forumi (ZGC forumi) doirasida bo‘lib o‘tgan "Yer-Oy fazosini rivojlantirish va ulardan foydalanish" ilmiy-texnik forumida e’lon qilindi.

Sun’iy yo‘ldoshlar turkumi loyihasi dunyodagi birinchi past energiyali DROni orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqdi. Xitoy Fanlar akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan va joylashtirilgan DRO-A va DRO-B sun’iy yo‘ldoshlari ilgari Yerga yaqin orbitada uchirilgan DRO-L sun’iy yo‘ldoshi bilan o‘zaro o‘lchov va aloqa kanallarini o‘rnatdi.

DRO Yer-Oy fazosida joylashgan juda barqaror orbitadir. Bu makon Yerdan Oygacha, Yerga yaqin va Oyga yaqin orbitalardan, Yerdan 2 million kilometrgacha bo‘lgan masofani qamrab oladi.

CSU ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha kosmik kemalarning DRO orbitasida barqaror ishlash va kam energiya bilan manevr qilish qobiliyatini tasdiqladi. Bundan tashqari, ushbu loyiha Yer-Oy fazosidagi barcha Lagranj nuqtalarini bitta parvozda qamrab olgan birinchi missiya bo‘ldi. Ushbu texnologiyalar kelajakda Oyni tadqiq qilishda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.

Forumda 20 dan ortiq muassasalardan 200 dan ortiq vakil ishtirok etdi. Munozaralar Yer-Oy fazosida infratuzilmani rivojlantirish, unga kirish narxini pasaytirish va resurslardan barqaror foydalanish kabi asosiy masalalarga qaratildi, deb xabar berdi kazinform.

Xitoy Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Din Chibyao Yer-Oy fazosini Yerni chuqur fazo bilan bog‘laydigan strategik markaz va ilmiy va sanoat transformatsiyasining yangi bosqichi deb atadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Fanlar akademiyasi mamlakatning kosmik kuchga aylanish maqsadini qo‘llab-quvvatlash uchun tadqiqot institutlari, universitetlar va kompaniyalar bilan hamkorlikni mustahkamlashda davom etadi.

Pekin xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Xou Szyunshu o‘z nutqida dunyo kosmik faoliyati sof tadqiqotlardan tadqiqot va amaliy foydalanish o‘rtasidagi muvozanatga o‘tayotganini aytdi.

Shuningdek, u Pekin mamlakatning asosiy kosmik tadqiqotlar institutlarining yarmidan ko‘prog‘iga ega ekanligini va shahar tijorat aerokosmik innovatsiyalari markaziga aylanib borayotganini aytdi. Xou innovatsiyalarni kuchaytirishga, texnologiya va sanoat o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni chuqurlashtirishga va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi.

2026-yilgi ZGC forumi yakshanbagacha davom etadi. Forumning asosiy mavzusi — "Texnologik va sanoat innovatsiyalarini to‘liq integratsiyalash". 2007-yilda tashkil etilgan platforma endi ilmiy va texnologik innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan eng yirik xalqaro tadbirlardan biriga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy kosmosda yonilg‘i quyish uchun moslashuvchan robotni sinovdan o‘tkazdi.