Tadbirda Xitoyning 30 dan ziyod kompaniyalari vakillari, shuningdek, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining rahbarlari, mutaxassislari va brokerlari ishtirok etdilar.
«O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJ Boshqaruvi raisi Ziyoviddin Badriddinovning ta'kidlashicha, Memorandumning imzolanishi birja savdo mexanizmlarini qo‘llash orqali ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha foydalanilmagan salohiyatni ishga solish va yangi imkoniyatlarni ochib berishga xizmat qiladi.
Xitoyning O‘zbekistondagi tadbirkorlari uyushmasi raisi janob Suy Xaybo: «Bizning uyushmamiz Xitoy va O‘zbekiston tadbirkorlari o‘rtasida ishonchli ko‘prik vazifasini bajaradi. O‘ylaymizki, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi bilan o‘rnatilgan hamkorlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishida yangi sahifani ochish imkonini beradi».
Mazkur tadbir doirasida tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi va Xitoyning O‘zbekistondagi tadbirkorlari uyushmasi o‘rtasida Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi sertifikatlar bilan o‘zaro almashib oldilar.
Uchrashuv davomida birjaga tashrif buyurganlar uchun birja faoliyati to‘g‘risidagi yangi prezentatsion videorolik namoyish etildi. Mehmonlar birja savdolari va elektron tijorat sohasida erishilgan so‘nggi yutuqlar, birjaning savdo vositalari, hamda UZEX birjasining joriy holati va istiqbolli rejalari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Ta’kidlanganidek, birja amalga oshiriladigan savdo va hisob-kitoblarning shaffofligini ta’minlaydi, ishonchli tovar ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish imkonini beradi hamda to‘lovlar va tovarlarni yetkazib berishni kafolatlaydi. Birjada tashqi savdo bitimlarini tuzishda xorijiy kompaniyalar komissiya to‘lovlari va garov mablag‘larini kiritishdan ozod etilgan.
Tadbir so‘ngida O‘zbekiston va Xitoy korxonalari o‘rtasida birjaning savdo vositalari va bozor mexanizmlaridan foydalangan holda ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha B2B muzokaralari o‘tkazildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikaasi Tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati.
Ayni paytda birjaning xorijiy savdo maydonchalari Xitoyning Kuytun, Urumchi va Sindao shaharlarida ochilgan. Joriy yilning boshidan buyon birjada Xitoy kompaniyalari ishtirokida 17,0 million dollardan ziyod hajmda bitimlar tuzilgan.