Joriy yil 17 fevral kuni Xitoyning Sindao shahrida (Shandun provinsiyasi) “Xitoy – SHHT namunaviy zonasi marvaridi” xalqaro EKSPO markazi hududida O‘zbekiston savdo pavilyonining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur majmuada O‘zbekiston bilan bir qatorda SHHTga aʼzo bo‘lgan boshqa davlatlarning savdo pavilyonlari ham joy olgan.

Ochilish marosimida Shandun provinsiyasi va Sindao shahri maʼmuriyati, ishbilarmon doiralari vakillari, Xitoy Tijorat vazirligining hududiy bo‘linmasi, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoydagi elchixonalari va OAV vakillari qatnashdilar.

O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasi peshtaxtalaridan mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar joy olgan.

Xususan, meva sharbatlari, tabiiy asal, quritilgan mevalar, qandolat mahsulotlari, maʼdanli suvlar, zaʼfaron, to‘qimachilik va charm-sanoat mahsulotlari, kabel-o‘tkazgichlar, milliy hunarmandchilik mahsulotlari shular jumlasiga kiradi.

EKSPO markazida tashkil etilgan O‘zbekiston savdo pavilyonining maydoni 600 kvadrat metrni tashkil etadi. Milliy uslubda ishlangan pavilyon o‘rtasida qad ko‘targan Sohibqiron Amir Temur haykali, Registon ansamblidagi Mirzo Ulug‘bek madrasasi va Buxoroning Minorai kalon maketlari mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi. Pavilyonning ichki devorlarida O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti, yurtimiz tarixi, madaniyati, turizm salohiyati hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorligi haqida hikoya qiluvchi axborotlar aks ettirilgan.