Oldindan belgilanganidek, mamlakatimizning bir qator hududlarida sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish jarayoni shu yilning 11-noyabridan boshlandi. Bunday hududlar orasida Xiva shahri ham bor.
Ro'yxatga olish jarayonini o'z muddatida, sifatli tashkil qilish maqsadida bugun Xiva shahriga Davlat statistika qo'mitasi mas'ul xodimlari keldi. Ular ro'yxatga olish jarayonida qatnashadigan 182 nafar xodimlar bilan uchrashib, jarayonga mas'uliyat bilan yondashish, xizmat vazifasi yo'riqnomasiga qat'iy rioya qilish, tadbirni yuqori saviyada o'tkazish bo'yicha tegishli yo'l-yo'riq va tavsiyalar berdi.
Shahardagi 21 ta mahallada yashovchi aholini ro'yxatga olish uyma-uy yurish, tegishli so'rovnomani to'ldirish orqali amalga oshiriladi.
Sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish jarayoni 22-noyabrgacha davom etadi.
Ro'zimboy Hasan,
«Yangi O'zbekiston» muxbiri.