Xususan, Xiva shahrida yashovchi, 2002-2004-yillar oraligʻida tugʻilgan 4 nafar shaxs oʻzlarining uyali telefon apparatlari orqali ijtimoiy tarmoqlardagi aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan materiallar bilan tanishib, xalqaro terroristik tashkilotlar hamda diniy ekstremistik oqimlarning gʻoyaviy rahnamolari boʻlgan Abu Saloh, Abdulloh Buxoriy, Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy va boshqalarning maʼruzalarini koʻrib, tinglab, atrofdagilarga ham tarqatib kelishgan.
Shuningdek, ular Suriyadagi terroristik tashkilotlar aʼzolari bilan aloqaga kirishib, ularning safiga borib qoʻshilishni maqsad qilishgan.
Bundan tashqari, Xiva shahrida kuzatilgan yana bir holatda 1995-1999-yillar oraligʻida tugʻilgan 3 nafar fuqaro mehnat migranti sifatida xorijda boʻlgan davrlarida ijtimoiy tarmoqlar orqali dinga aqidaparastlarcha berilib, ekstremistik ruhdagi qarashlarning tarafdorlariga aylanishgan hamda vatanga qaytib kelganlaridan soʻng, virtual guruh tashkil etib, oʻzlarining noqonuniy xatti-harakatlarini davom ettirishgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning ekspertiza xulosasiga koʻra, har ikki holatdagi qonunbuzarlarning mobil aloqa vositalari xotirasida, shuningdek, “Telegram” messenjeri va “Instagram” ijtimoiy tarmogʻida ularga tegishli boʻlgan profillardagi mavjud diniy mazmundagi materiallar Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, tayyorlash, saqlash va tarqatish taqiqlangan materiallar sirasiga kiradi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat Kodeksning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.