Xiva shahrida Transport vazirlarining toʻqqizinchi yigʻilishi yakunlandi

    Transport 13 May 2022 1328

    Xiva shahrida 11-12-may kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar transport vazirlarining toʻqqizinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasining SHHT sammitiga raisligi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda transport sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, transport koridorlarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, ushbu yoʻnalishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bilan bogʻliq jihatlar muhokama etildi.

    Xususan, mintaqaviy transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish SHHT davlatlarining barqaror iqtisodiy oʻsishining muhim omillaridan biri ekanligini inobatga olgan holda keng qamrovli va yaxlit transport tizimini tashkil etish, sohaga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, yuk tashuvlar hajmini oshirish transport kommunikatsiyalarini takomillashtirish borasida yagona qarash va yondashuvlarni shakllantirish masalalari koʻrib chiqildi.

    Tadbirda tomonlar Oʻzbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish va samarali transport koridorlarini shakllantirish boʻyicha hamkorlik Konsepsiyasi loyihasini qoʻllab-quvvatladi. Tomonlar mazkur hujjatni joriy yil Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida tasdiqlash uchun kiritish va uni kelishish yuzasidan saʼy-harakatlarni boshlashga tayyorligini bildirdi.

    Yigʻilish davomida SHHTga aʼzo davlatlar hukumatlari oʻrtasida transport tashuvlarining integratsiyalashgan boshqaruv tizimini shakllantirish boʻyicha Hadli bitim, davlatlararo xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarda transportning barqaror ishlashini taʼminlash hamda davlatlar oʻrtasida koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tufayli yuzaga kelgan holatni inobatga olgan holda transportning uzluksiz ishlashini taʼminlash boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum, SHHTga aʼzo davlatlar avtomobil yoʻllarini rivojlantirish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi boʻyicha ishlarni jadallashtirishga, shuningdek, SHHTga aʼzo davlatlarning transport sohasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha maxsus ishchi guruhi tuzishga kelishildi.

    Yigʻilish yakunida SHHTga aʼzo mamlakatlar transport vazirlari tomonidan tegishli bayonnoma imzolandi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.