Xizmat koʻrsatish sohasi 1,9 marotaba oʻsdi

    2017-2022-yillarda Oʻzbekistonda xizmat turlarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va ularning natijasi tahlil qilindi.

    Xizmat koʻrsatish sohasining rivojlanishi iqtisodiy oʻsish, aholi, ayniqsa yoshlar bandligini taʼminlash va turmush farovonligini oshirishda katta ahamiyatga ega.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari oʻtkazgan tahlil natijalariga koʻra, 2022-yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonda xizmatlar sohasi YAIMning 41,5 foizini tashkil etdi va 2017-2022-yillarda sohaning real oʻsish koʻrsatkichi 1,9 marotaba oshdi.

    Soʻnggi yillarda respublikada xizmat koʻrsatish sohasini qoʻllab-quvvatlash va jadal rivojlantirish borasida muhim qadamlar qoʻyildi. Xususan:

    - “Elektron hukumat” tizimi takomillashtirildi va umumiy elektron davlat xizmatlari soni 368 taga yetdi (2019-yilda — 173 ta), ulardan 242 tasi tadbirkorlar uchun moʻljallangan;

    - biznesni roʻyxatga olish osonlashtirildi va xizmatlar sohasidagi kichik tadbirkorlik subyektlari soni 2,2 barobar koʻpaydi (2017-yilda 128 mingta, 2022-yilda 325 mingta);

    - AKT infratuzilmasi qariyb 6 barobar (optik tolali aloqa liniyalari uzunligi 2017-yildagi 20,3 ming kilometrdan 2022-yilda 118 ming kilometrga yetdi) va logistika tizimi 1,2 barobar yaxshilandi (tashilgan yuklar 2017-yildagi 1146,2 million tonnadan 2022-yilda 1398,9 million tonnaga yetdi).

    Zamonaviy xizmatlarni rivojlantirishda sohaga xususiy sektorni jalb qilishning ragʻbatlantirilishi oʻz samarasini berdi va tahlil qilingan yillarda quyidagi oʻzgarishlar qayd etildi:

    - moliya xizmatlari 5,1 marotaba oshdi. Xususiy va xorijiy banklarning sohaga jalb qilinishi ularning raqobatbardoshligini oshirdi va 2022-yilning 1-dekabr holatiga koʻra, HHI indeksi 1016 gacha pasaydi (2018-yilning 1-yanvar holatiga koʻra 1520 ga teng boʻlgan);

    - axborot va aloqa sohasidagi xizmatlar 2,8 marotaba oshdi. Xalqaro maʼlumotlarni uzatish tarmogʻining oʻtkazuvchanlik imkoniyati 2022-yilda 1800 Gbit/s gacha oshdi (2017-yilda 64,2 Gbit/s);

    - taʼlim sohasidagi xizmatlar 2,5 marotaba oshdi. Xususiy maktabgacha taʼlim muassasalari soni 833 taga (2017-yilda 250 ta edi), davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha taʼlim muassasalari soni 1313 taga (2018-yilda 250 ta), oilaviy maktabgacha taʼlim muassasalari soni 20676 taga (2018-yilda 579 ta), nodavlat umumtaʼlim muassasalari soni 194 taga (2017-yilda 39 ta), nodavlat oliy taʼlim muassasalari soni 55 taga (2018-yilda 1 ta), xorijiy oliy taʼlim muassasalari soni 30 taga (2017-yilda 7 ta) yetdi;

    - sogʻliqni saqlash sohasidagi xizmatlar 2,8 marotaba oshdi va hozirgi kunda 7320 ta xususiy tibbiyot muassasasi (ulardan 5823 tasi ambulatoriya, 1497 tasi statsionar) faoliyat yuritmoqda (2017-yilda 4000 ta edi).